O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandda “Sayyohlar shaharchasi” bo'ladi
2017-05-23 | Turizm
Joriy yilning 14-15 aprel kunlari davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi chog‘ida 2017-2021 yillarda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish yuzasidan tayyorlangan loyihalar, xususan, “Alpomish” zavodi o‘rnida barpo etiladigan “Samarkand city” erkin sayyohlik hududi taqdimoti bilan tanishib, tegishli ko‘rsatmalar berdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Suvonov bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Turizm iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida mamlakat taraqqiyotini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Samarqandda esa turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar mavjud. Amalga oshirilayotgan ishlar ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan.
Xo‘sh, “Samarkand city” erkin sayyohlik hududini barpo etishdan qanday maqsad ko‘zlangan, bunga qanday ehtiyoj bor? To‘g‘risini aytish kerak, ayni vaqtda Samarqandda sayyohlarga kechasi xizmat ko‘rsatadigan shoxobchalar yo‘q hisobi, borlarida ham xorijiy tilda so‘zlashuvchi xizmat ko‘rsatuvchilarni topish amrimahol. Yoki sayyohlar uchun dam olish mumkin bo‘lgan joylarni ham ko‘rsatish qiyin. Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatiga tashrifidayoq sayyohlarga kechayu kunduz xizmat ko‘rsatadigan hududlar barpo etish, ularga barcha sharoitlarni yaratish haqida gapirgan edi. Bu bekorga emas-da.
Boshqarmamiz tomonidan doimiy tarzda sayyohlarning fikrlari o‘rganib boriladi. Ushbu o‘rganishlarda ham turistik infratuzilmaning yaxshi rivojlanmagani, ayniqsa, 24 soatlik xizmat ko‘rsatish tizimi mavjud emasligi ta’kidlangan.
– Demak, erkin sayyohlik hududi orqali ana shu noqulayliklar bartaraf etiladi…
– Bu juda ulkan loyiha bo‘lib, sayyohlarga nima kerak bo‘lsa, barchasi nazarda tutilgan. Hududda 4 va 5 yulduzli beshta yangi mehmonxona, restoranlar, akvapark, istirohat bog‘lari, pavilonlar, savdo markazlari va turli ko‘ngilochar maskanlar quriladi.
Ta’kidlash lozim, sayyohlarga ularning kelish geografiyasiga qarab, shunga mos tarzda sharoit yaratish borasida birinchi marta ana shunday keng ko‘lamli ish bajarilmoqda.
Misol uchun, Samarqandga kelgan sayyoh agar yevropalik bo‘lsa, yevropa uslubidagi, arabzabon bo‘lsa, arabcha uslubdagi, Sharqiy Osiyo vakili bo‘lsa, shunga mos mehmonxonaga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi mehmonxonalar ana shunday tarzda quriladi. Shuningdek, o‘zbekona madaniyatga qiziqqan sayyohlar milliy uslubda qurilgan va o‘zimizning an’analar asosida xizmat ko‘rsatiladigan mehmonxonalarga joylashishlari mumkin. Misol uchun, o‘zbekona mehmonxonada tut va uzumzor (voyish) soyasida joylashgan karavotlarda, atlas ko‘rpachalarda yonboshlab, choy va milliy taomlarimizdan tatigan sayyoh Samarqandda hech bo‘lmaganda bir necha kun qolishni istashi tabiiy.
Aytaylik, bizda zamonaviy mehmonxonalarning barchasi Yevropa uslubida qurilgan bo‘lib, Yevropadan kelgan sayyoh ham aynan yevropacha mehmonxonalarda yashashga majbur edi. Endi esa tanlash imkoniyati juda yuqori bo‘ladi.
Shuningdek, sayyohlarga ilgari faqat bir necha turdagi yevropacha taom va o‘zimizning milliy taomlar taklif etilardi. “Samarkand city” erkin sayyohlik hududida butun dunyodagi brend taomlar tayyorlanadi. Restoranlardan tortib yengil nonushtaga moslashgan shoxobchalargacha bir necha xorijiy tillarda so‘zlashadigan xizmat ko‘rsatuvchilar faoliyat ko‘rsatadi. Birinchi marta bolalar uchun alohida maydoncha va o‘yingohlar tashkil etilmoqda.
– “Samarkand city” qachon ishga tushadi?
– Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan jalb qilinadigan investorlar ko‘magida barpo etilayotgan erkin sayyohlik hududi 2017-2019 yillarda qurib bitkaziladi. Bu yerda kamida 600 ta ish o‘rni yaratiladi.
Aytish lozimki, kadrlar hozirdan tayyorlab boriladi. Chunki sayohlarga yuqori sifatli, zamonaviy xizmat ko‘rsatish yaratilgan sharoitlar bilan birga, kadrlar bilim va malakasiga ham bog‘liq. Bu borada Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Samarqand oziq-ovqat, Sartepa turizm va maishiy xizmat kasb-hunar kollejlari bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Samarkand city” erkin sayyohlik hududi sayyohlar shaharchasi bo‘ladi. Bu yerda hatto tibbiy xizmatlar ham xorijiy tillarda so‘zlashuvchi kadrlar yordamida amalga oshiriladi. Bu esa Samarqandga sayyohlar oqimini keskin oshirishi shubhasiz.