O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida o‘zaro manfaatli hujjatlar imzolandi
2017-05-20 | Siyosat
Turkmanboshi, 20-may. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakir O‘rozov xabar qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi davomida qator muhim kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida neft-gaz, energetika, fan-ta’lim, ekologiya, transport-logistika, turizm va sport sohalaridagi aloqalarni izchil rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokaralar o‘zaro hurmat, ishonch va ishchanlik ruhida o‘tganini, erishilgan kelishuvlar istiqbolda O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladilar.
Turkmaniston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun hamda buyuk shoir Maxtumquli tavalludi kuni munosabati bilan turkman xalqini tabriklayman. Shoir tavalludi O‘zbekistonda ham keng nishonlandi, uning nomidagi ko‘cha va yodgorlik ochildi. Biz shu ko‘chada Ashxobod bog‘ini tashkil qilamiz, bu ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning ramzi bo‘lib qoladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Muzokarada hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishga solish, savdo-iqtisodiy aloqalar qamrovini kengaytirish, hududlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligini rivojlantirishga kelishib oldik.
Turkmaniston va O‘zbekiston xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham izchil hamkorlik qilinmoqda, dedi Gurbanguli Berdimuhamedov. Bugun imzolangan hujjatlar o‘zaro hamkorligimizning ko‘lamini kengaytirib, uning rivojiga yangi sur’at baxsh etadi.
Turkmanobod-Farab avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining ochilishi samarasida yuk tashish ko‘rsatkichi 2,5 barobar ortgani qayd etildi.
Muzokaralarda mamlakatlarimiz manfaatlari mushtarakligi, ko‘p qirrali munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish uchun qat’iy xohish mavjudligi, davlatlarimiz o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlandi.