O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiy-ijtimoiy yordam samarasi
2017-05-19 | Jamiyat
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam samaralariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi va boshqa davlat hamda nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi o‘rinbosari N.Mo‘minov va boshqalar aholi salomatligini mustahkamlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, onalik va bolalikni tibbiy-ijtimoiy muhofazalashda tibbiy-ijtimoiy patronaj xizmati muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturida bu borada belgilangan muhim vazifalarni amalga oshirishda davlat va nodavlat tashkilotlarning hamkorligi katta rol o‘ynaydi.
"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Ayollar salomatligini asrash, kam ta’minlangan oilalarning bemor bolalarini sog‘lomlashtirish, ona-bola skrining xizmatini rivojlantirish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ekologik jihatdan noqulay mintaqalarda yashovchi aholiga tibbiy-ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishga oid tadbirlar bunga misoldir.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi bilan hamkorlikdagi ana shunday chora-tadbirlar natijasida 2016-yilda va 2017-yilning o‘tgan davrida saksondan ko‘proq yurak xastaligi bor bemor bola sog‘lomlashtirildi. Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikdagi loyiha doirasida ayollar o‘rtasida skrining o‘tkazilmoqda.
Aholi o‘rtasida tibbiy-ijtimoiy patronaj tadbirlarini zamonaviy andozalar asosida tashkil etishda «Sog‘lom avlod uchun» fondining joylardagi tibbiy-ijtimoiy brigadalarining xizmati katta. Zamonaviy ambulans mashinalar bilan ta’minlangan mazkur brigadalar tarkibida terapevt, akusher-ginekolog, pediatr, ultratovush tahlil shifokori, tibbiy-ijtimoiy xodim, hamshira faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu jamoa joriy yilning o‘tgan davrida bir yarim mingga yaqin olis qishloq va mahallaga tashrif buyurib, yetti mingdan ko‘proq oilaning ijtimoiy sharoiti, xonadonidagi psixologik muhitni va bolalari salomatligi holatini o‘rgandi. Bu jarayonda yuz mingga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondining tegishli davlat va jamoat tashkilotlari, tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan tibbiy-ijtimoiy loyihalari, aholi o‘rtasida tibbiy-ijtimoiy patronaj yordamini tashkil etish samaralariga oid ma’ruzalar tinglandi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.