O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fuqaro muhofazasi doimo e’tiborda
2017-05-18 | Jamiyat
Milliy matbuot markazida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan sel-toshqin, yer ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ma’lumki, mamlakatimizning tog‘li va tog‘oldi hududlarida qishki-bahorgi mavsumda kuzatiladigan yog‘ingarchilik natijasida geologik va gidrometeorologik hodisalar yuz beradi. Bu borada favqulodda vaziyatlarning oldini olish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavfni kamaytirish, odamlar sog‘lig‘ini saqlash, aholini bunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish, atrof-muhitga yetadigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda fuqarolarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kungacha sel va suv toshqinlari xavfi mavjud uchastkalarda 115 maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi. Tuproq, tosh-shag‘al, beton hamda o‘zan tozalash ishlari olib borildi. Idoralararo tezkor shtab tomonidan xavfli geologik va gidrometeorologik uchastkalarda profilaktik tadbirlar muntazam tashkil etilmoqda hamda prognoz ma’lumotlar yig‘ilmoqda.
– Mavjud suv omborlarida suv ko‘payish holatlarini talafotsiz o‘tkazib yuborishga tayyorgarlik holati o‘rganilmoqda, – deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarmasi katta ofitseri Yo‘ldosh Jo‘rayev. – Obyektlarning barqaror ishlashiga ta’sir qiluvchi aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Maktab o‘quvchilarining yozgi ta’tillari oldidan bolalarni sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlari tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqildi. Buning natijasida ba’zi oromgohlar geologik va gidrometeorologik xavfli hududlarda joylashganligi aniqlandi.
Yozgi dam olish mavsumi mobaynida oromgohlarda fuqaro muhofazasi burchaklari tashkil etilib, ko‘rgazmali qurollar, eslatma hamda yo‘riqnomalar bilan ta’minlanadi.
Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.