O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog'liqni saqlash vazirligi: Shahrixon tumanida kuzatilgan epidemik vaziyat alohida nazoratga olinib, barqarorlashtirildi
2017-05-17 | Jamiyat
Andijon viloyati Shahrixon tuman tibbiyot birlashmasiga 2017 yil 15 may kuni soat 14:30 dan boshlab, 22:00 ga qadar jami 186 nafar fuqaro tuman tibbiyot birlashmasining turli bo‘limlariga ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rig‘i va tana haroratining ko‘tarilishi, umumiy holsizlik kabi kasallik belgilari bilan tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Shifoxonalarga murojaat qilgan jami bemorlarning 4 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda bo‘lganligini inobatga olib, ular tuman tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va muolajalardan so‘ng ahvoli yaxshilangach, shu kunning o‘zidayoq umumiy bo‘limga o‘tkazilgan. Qolgan bemorlarning ahvoli ancha yengil, ularga umumiy palatalarda tibbiy yordam tashkil etildi. 2017 yilninng 17 may soat 17:00 holatiga ko‘ra, shifoxonada 33 nafar bemor shifokorlar nazoratida bo‘lib, ularning ahvoli ham yaxshilanmoqda.
Shifoxona va uning bo‘limlari zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shpris va sistemalar bilan yetarli miqdorda ta’minlangan.
Bemorlar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida barcha bemorlar o‘z kasalliklarini 2017 yil 14 - may kuni Shahrixon tuman markazi, Amir Temur ko‘chasida joylashgan “MAKS” kafesida frezerli muzqaymoq iste’mol qilish bilan bog‘lagan.
Aniqlanishicha, Bultirboyev Jahongirmirzo Jamoliddin o‘g‘li yakka tartibdagi tadbirkor sifatida 2015 yil 4 aprelida 0004238 raqami bilan Andijon viloyati, Andijon tumani, yagona darcha markazidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Ammo u hech qanday tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtirmasdan, o‘zi yashaydigan Andijon shahar, Farobiy MFY, Teshaboy Mirzayev ko‘chasidagi 29-uyda noqonuniy ravishda muzqaymoq uchun qorishma tayyorlash sexi tashkil etgan. Muzqaymoq tayyorlash jarayonida esa sanitariya talablariga rioya qilinmagan. Muzqaymoq qorishmalarini oziq-ovqat mahsulotlarini tashish mumkin bo‘lmagan plastmassa idishlarda kafega olib kelib, sotilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Muzqaymoq qorishmasi vaqtinchalik saqlanadigan idishlar, 4 ta frezer uskunalarining muzqaymoq solinadigan sig‘imlari hamda frezer uskunasi qismlarini yuvish va zararsizlantirish uchun sharoit yaratilmagan, dezinfeksiya vositalaridan foydalanilmagan.
Tadbirkorda yumshoq muzqaymoq qorishmasi tayyorlashda xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlari bo‘lmagan, muzqaymoq ishlab chiqarishda esa ishlab chiqarilgan vaqti va yaroqlilik muddatlari noma’lum bo‘lgan xomashyolardan foydalanilgan. Kafeda faoliyat yuritgan 4 nafar xodim o‘rnatilgan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan.
Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o‘rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatish uchun Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, Respublika bosh davlat sanitariya vrachi S.Saydaliyev, Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori E.Musabayev, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumlik kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori A.Abdushukurov va vazirlikning bir guruh yetakchi mutaxassislari Andijon viloyati Shahrixon tumaniga yuborilgan.
Andijon viloyati Shahrixon tumanida kuzatilgan epidemik vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.