O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yuksak e’tirof

2017-05-18 | Madaniyat

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva tavalludining 70-yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda xalqimizning sevimli shoirasini muborakbod etish uchun yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, adabiyot ixlosmandlari jam bo‘ldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga binoan adabiyotimiz ravnaqi yo‘lidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yosh avlodning ma’naviy salohiyatini yuksaltirishdagi munosib hissasi, mamlakatimizning ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki uchun Halima Xudoyberdiyeva «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov Prezidentimiz farmonini o‘qib eshittirdi va Vatanimizning yuksak mukofotini H.Xudoyberdiyevaga tantanali ravishda topshirdi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G.Ma’rufova, «Ma’naviy hayot» jurnali bosh muharriri E.Shukurov, «Saodat» jurnali bosh muharriri F.Jalilova, taniqli shoiralar Q.Rahimboyeva, H.Ortiqboyeva, adabiyotshunos Q.Yo‘ldoshev va boshqalar H.Xudoyberdiyeva ijodiy faoliyatiga to‘xtalib, uning o‘zbek adabiyoti ravnaqi yo‘lidagi ulkan xizmatlari, so‘zga mas’uliyati yosh ijodkorlar uchun yuksak namuna ekanini ta’kidladi. Shoiraning «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangani Prezidentimiz ijodkorlarni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotganining yana bir yorqin namunasidir. 

– Halima Xudoyberdiyeva she’riyatining mavzu va ma’no ko‘lami nihoyatda keng va chuqur, uning she’rlarida go‘dak, ayol, ota-ona, Vatan mavzulari ustuvor. U o‘z she’rlari bilan o‘zbek ayoliga poetik haykal qo‘ygan ijodkor, – deydi taniqli adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Shoiraning she’rlarini shunchaki o‘qib bo‘lmaydi. Har misrasi kishi qalbidagi tuyg‘ularni jo‘shtiradi, hayotga ishonchni oshiradi, inson nomiga munosib bo‘lib yashashga undaydi. 

– Ustozimiz Halima Xudoyberdiyeva she’rlarini tez-tez takrorlab turaman, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Guli Nigor Avazova. – Ustoz she’rlaridagi shiddatkorlik, insoniylik jihatlari, tuyg‘ular tug‘yoni, jasoratning namunasi biz, yoshlarga hamisha saboq berib turadi. 

O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva adabiyotimiz ravnaqi, ijodkorlarni doimiy qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan yuksak e’tibori uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

 

Ikrom Avvalboyev, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA

Поделиться