O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz Guliston shahrida qurilgan zamonaviy uylarni borib ko‘rdi
2017-05-17 | Siyosat
Mamlakatimizning barcha shaharlari qatori Guliston shahrida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
2015-2016-yillarda Guliston shahrining O‘zbekiston va Birlashgan ko‘chalarida 180 xonadonga ega 15 ko‘p qavatli uy qurildi. Uylarning birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga mo‘ljallangan.
Prezidentimiz shu uylar joylashgan “Namuna” mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi. Mahalla raisi va faollari bilan muloqotda mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, odamlarning turmush darajasi va ishonchini oshirish, mahalla idoralarining imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Mazkur mahalla profilaktika inspektori Sanjar Murodov yaqinda Guliston davlat universiteti talabasi Hurriyatxon bilan oila qurgan. Prezidentimiz joriy qilgan tizimga muvofiq yangi qurilgan uylardagi xonadonlardan biri S.Murodov oilasiga berilgan.
Davlatimiz rahbari Sanjar Murodov xonadonida bo‘ldi. Fuqarolar yig‘ini binosida mahalla raisi, maslahatchilar va profilaktika inspektori ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Shu yerda Guliston shahrining bosh rejasi asosida amalga oshiriladigan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari taqdimoti ham o‘tkazildi.
Prezidentimiz bu inshootlarning ijtimoiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Loyihalarni takomillashtirish, qurilish ishlarini o‘z vaqtida, sifatli bajarish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.