O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Tashabbus-2017” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi boshlandi
2017-05-17 | Jamiyat
Joriy yilning 16 may kuni poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Tashabbus-2017” ko‘rik-tanlovining yakuniy – respublika bosqichi boshlandi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi, “Hunarmand” uyushmasi tomonidan qator vazirlik va idoralar hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda “Tashabbus–2017” Respublika ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilgan dastlabki bosqichlarida saralanib, hududlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 41 nafar eng ilg‘or, eng tajribali, eng tashabbuskor tadbirkor, fermer va hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ko‘rgazmasi tashkil qilindi.
Tadbirning ochilish marosimida tanlovning hududiy bosqichlari g‘oliblari, ya’ni respublika bosqichi ishtirokchilariga laureatlik diplomi, ishtirokchi ko‘krak nishoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak” va boshqa sovg‘alar topshirildi.
Ta’kidlash joizki, ko‘rik-tanlov ishtirokchilari orasidan g‘oliblar, an’anaga muvofiq, uchta asosiy – “ Yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri”, “ Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo‘nalishlari bo‘yicha aniqlanadi.
Shuningdek, faol ishtirokchilarga “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Mening yurtim – mening iftixorim”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Yilning eng yaxshi mahsuloti” nominatsiyalarda maxsus mukofotlar beriladi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi joriy yil 22 may kuni soat 18:00 da muhtasham “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tadi.