O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida yangi kompaniya tuziladi
2017-05-17 | Siyosat
Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori bilan tanishuvi chog‘ida ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2010-yilda Janubiy Mirzacho‘l kanalining markaziy tarmog‘i oqib o‘tgan hududda suv ombori bunyod etila boshlangan edi. Joriy yilda qurilishi yakunlanadigan gidroinshootda 922 million kub metr suv to‘planadi. Bu Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi unumdor yerlardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish imkonini beradi.
Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirmoqdamiz, odamlar takroriy ekin ekib, qo‘shimcha daromad topsin. Sardoba suv ombori hududdagi dehqon va fermerlarga bu borada katta imkoniyatlar yaratadi, dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimizning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida gidroenergetika sohasida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Ushbu mamlakat bilan hamkorlikda suv ombori yonida quvvati 15 megavatt bo‘lgan mini gidroelektrostansiya quriladi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda muqobil energetikani rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli chora-tadbirlar ishlab chiqilayotgani, gidroenergetika sohasida yangi kompaniya tuzilishi rejalashtirilayotganini ta’kidladi.
Suv ombori atrofida dam olish zonasi tashkil etiladi.
Shu yerda Mirzaobod tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Sardoba temir yo‘l agrosanoat majmuasi” unitar korxonasi tomonidan baliqchilik, chorvachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash, sut mahsulotlari va omixta yem ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Sardoba suv ombori va Mirzaobod tumani hududida tashkil etiladigan baliqchilik majmuasi inkubatsion sex, intensiv hovuzlar, baliqni qayta ishlash zavodi, mahsulotlarni saqlovchi muzlatkichni o‘z ichiga oladi. Baliq uchun omixta yem ham shu yerning o‘zida ishlab chiqariladi. Ushbu korxonalarda 150 ish o‘rni yaratiladi. Majmua “Ipoteka-bank” bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Sirdaryo baliq sanoat” korxonasi uchun asosiy baza bo‘lib xizmat qiladi.
Sardoba meva-sabzovotlar logistika markazi ham ko‘p tarmoqli bo‘ladi. Bu yerda meva-sabzavotlar yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, muzlatish, saqlash, quritish va yetkazib berish tashkil etiladi. Korxonada 220 kishi ish bilan ta’minlanadi.
Mirzaobod tumanida tashkil etiladigan chorvachilik kompleksida zotdor qoramollar ko‘paytirish orqali aholiga go‘sht va sut yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. 100 ish o‘rni yaratiladi.
Ushbu tumandagi yana bir korxonada sut mahsulotlari ishlab chiqariladi. 3 ming 500 tonna sut qayta ishlanib, keng turdagi mahsulotlar tayyorlanadi va qadoqlanadi. 25 kishining bandligi ta’minlanadi.
Tarmoqdagi korxonalarni omixta yem bilan ta’minlash maqsadida shu yo‘nalishda korxona tashkil etish mo‘ljallangan. 3 ming tonna omixta yem ishlab chiqariladigan korxonada 25 ish o‘rni yaratiladi.