O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi
2017-05-17 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 17-may kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Sirdaryo viloyatining salohiyati va aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Viloyat iqtisodiyoti barqaror sur’atlar bilan rivojlanmoqda. 2017-yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,8 foiz o‘sgan. Uning tarkibida sanoat, kichik biznes, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalar ulushi oshgan.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining Sirdaryo filiali, “Bek” ishlab chiqarish birlashmasi, “Guliston medtexnika”, “Sirdaryo mega lyuks” qo‘shma korxonalari viloyat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutmoqda.
Murakkab iqlim sharoitiga qaramay, Sirdaryo dehqon va fermerlari paxta va g‘alladan mo‘l hosil yetishtirmoqda. Meva-sabzavot va poliz mahsulotlaridan qo‘shimcha daromad topmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga tashrifi davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan rejalar ijrosi, shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechiradi.