O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O‘zavtosanoat” AK va “Peugeot Citroёn” guruhi o‘rtasida O‘zbekistonda yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona barpo etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
2017-05-16 | Iqtisodiyot
Yangi «Uzbekistan Peugeot Citroёn Automotive» qo‘shma korxonasi “Peugeot Citroёn” Guruhi va “O‘zavtosanoat” AK tomonidan barpo qilinmoqda. Hujjatga ko‘ra yangi korxona “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida, Toshkendan 200 km uzoqlikdagi hududda quriladi. Zavod “Peugeot” va “Citroёn” brendlari ostida yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi. Ustav kapitali 30 mln. yevroga teng qo‘shma korxona har ikki tomonning teng ulushi asosida faoliyat yuritadi. Loyiha bo‘yicha umumiy investitsiya qariyib 130 mln. yevroga teng.
“Pejo Sitroyen” Guruhi yangi texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarini joriy qilishda va mutaxassislar malakasini oshirishda ko‘mak ko‘rsatadi. Zavod ishlab chiqarishni boshqarish, mahsulot sifati, yetkazib berish va savdo masalalarida “Pejo Sitroyen”ning zamonaviy tizimi bo‘yicha ish olib boradi. Shu bilan birga, avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni jalb qilish yo‘li bilan birinchi yilning o‘zidayoq yangi qo‘shma korxonada 50% mahalliy mahsulotlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda “O‘zavtosanoat” AK tarkibida 30 ga yaqin yirik zavodlar va 160 dan ortiq o‘rta va kichik korxonalar aynan mahalliylashtirish dasturi asosida ish olib boradi.
Qurilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma korxonada yiliga 16 000 ta avtomobil ishlab chiqariladi. Ularni yurtimizda, shuningdek, uzoq va yaqin xorij davlatlaridagi eksport bozorlarida sotish rejalashtirilmoqda.
32 millionlik aholi soniga ega O‘zbekistonda sanoatni va avtomobil bozorini rivojlantirish uchun yetarlicha salohiyat va imkoniyat bor.
“Yengil tijorat avtomobillari segmenti O‘zbekistonda o‘zlashtirilmagan yagona transport vositasining turi edi”,- deya ta’kidladi “O‘zavtosanoat” AK boshqaruvi raisining o‘rinbosari Rustam Yusupov. “Ushbu loyihaning tadbiq etilishi mahalliy avtomobil sanoati rivojida yana bir dadil qadam bo‘ladi. Aholi bandligini ta’minlashga hizmat qiluvchi yangi qo‘shma korxona O‘zbekiston sanoatining yanada rivojlanishiga o‘z xissasini qo‘shadi.”
“Ushbu loyiha bizning 5 yillikka mo‘ljallangan taraqqiyot Dasturimizga to‘la mos keladi va bu “Pejo Sitroyen” Gruppasi uchun yengil tijorat avtomobillarining savdosini rivojlantirish va hududiy kengayish uchun yana bir katta imkoniyatdir. Biz qo‘shma korxona tashkil etilishida asosiy faktor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan qo‘llab-quvvatlashlarini hamda o‘zbek hamkorlarimiz bilan konstruktiv muloqotni juda yuqori baholaymiz”- deya e’tirof etdi “Pejo Sitroyen” Guruhining Vitse-prezidenti Kristof Berjeran.
Manba: "O’zavtosanoat" aktsiyadorlik kompaniyasi