O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Veloturda faqat xotin-qizlar
2017-05-16 | Sport
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan "Sog‘lom ayol – sog‘lom avlod" shiori ostida xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan veloturda korxona-tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xotin-qizlar, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitalari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida Nukus shahri ko‘chalari bo‘ylab o‘tkazilgan musobaqa aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini ta’minlash, ayollarni sportga keng jalb etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida Nargiza Seytimbetova, 31 yoshdan 44 yoshgacha bo‘lganlar orasida Qarlig‘ash Bekchanova, 45 yoshdan kattalar guruhida Qirmizi Mambetqosimova marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. "Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi", "Eng yosh ishtirokchi", "G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun" nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
Velomarafon g‘oliblarini taqdirlash marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Ibrohimova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi G‘.Boyniyozov va boshqalar mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
– Velomarafonda ishtirokchilarning ko‘pligi ushbu sport turi xotin-qizlar o‘rtasida tobora ommaviylashayotganini ko‘rsatmoqda, – deydi musobaqa g‘olibi Qarlig‘ash Bekchanova. – Kegeyli tumani Qozonketken aholi punktidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabida tennis bo‘yicha murabbiya bo‘lib ishlayman. Velosport bilan ko‘p yillardan buyon shug‘ullanaman. Velosiped haydash kishiga zavq bag‘ishlash bilan birga, o‘zingni hamisha tetik his qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.