O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mashhur Daniyalik Arxitektor Toshkentda
2017-05-16 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan dasturga ko'ra, bugun mamlakatimizga xalqaro arxitektor Yan Geyl tashrif buyurdi.
Dasturga ko'ra, shahar jamoat maydonlarini loyihalashtirish va shahardagi muhitni yaxshilash masalalari bo'yicha tan olingan ekspert Yan Geyl Toshkent shahri me'morchiligini ko'zdan kechirishi va o'zining qimmatli maslahatlari bilan o'rtoqlashishi, Simpoziumlar saroyida “Zamonaviy jahon me'morchiligi” mavzusida seminar-trening o'tkazishi belgilangan. Arxitektor shuningdek, Samarqandga tashrif buyurib, shahardagi diqqatga sazovor joylar bilan tanishadi.
Yan Geylning 50 yillik tadqiqotlari natijasida mavjud shahar va hududlarda maftunkor, gavjum va aholi uchun sog'lom jamoat hududini yaratish imkoniyati yuzaga kelgan. Professor Nyu York, Kopengagen, Sidney, London, Melьburn kabi yirik shaharlarning obodonchiligiga ko'cha va jamoat joylarini loyihalashga qo'shgan hissasi uchun ko'plab mukofotlar sohibi bo'lgan. 1971 yilda Yan Geylning “Binolar orasidagi hayot” nomli kitobi chop etilgan. Geyl shaharning shakl-shamoyilini yaxshilashga oqilona va sodda yondashuv: shahar shahar maydonlarini tizimli hujjatlashtirish, bosqichma-bosqich yaxshilash va yana hujjatlashtirish tarafdoridir. U o'zining “Jamoat joylari. Jamoat hayoti” kitobida Kopengagen 40 yil ichida avtoulov shahridan piyodalar shahriga aylanganini bayon qilgan. Kopengagendagi Stryoget piyodalar ko'chasi Geylning mehnati natijasi bo'lib, Evropadagi eng uzun savdo piyoda zonasi hisoblanadi.
2007 yilda Nyu Yorkning Transport departamenti Yan Geyl bilan hamkorlikda piyodalar va velosipedistlar uchun qulayliklar yaratish borasida faoliyat olib borgan.
Geyl Nyu York, London va Moskva shaharlarida jamoat joylarini aholi uchun qulaylashtirish yuzasidan o'z tavsiyalarini ishlab chiqqan.
2015 yilda Yan Geylni shahar ma'muriyati Olmaota shahrining qiyofasini tubdan o'zgartirish uchun taklif qilgan.