O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2017-2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2017-05-05 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Qayd etilsinki, uzoq muddatli istiqbolda ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar va maqsadli dasturlarni amalga oshirish asosida respublikamiz aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash ijtimoiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 

Keyingi yillarda respublikamizning aksariyat mintaqalarida aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Hozirgi paytda 69 ta shahar, 335 ta posyolka va 2 902 ta qishloq aholi punktlari aholisining ehtiyojlari yer osti suvlari zaxiralari hisobiga qondirilmoqda. 

Shu bilan birga, oxirgi 40-50-yilda sanoat va qishloq xo‘jaligining jadal rivojlanishi chuchuk yer osti suvlari holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, bu o‘z navbatida suv olish inshootlarining ruxsatsiz qurilishi va suvni nazoratsiz olish oqibatida konlardagi zaxiralarning 35 foizga qisqarishiga hamda ayrim manbalarda suv zaxiralarining tugashiga olib keldi. 

Respublikamizning ayrim hududlarida yer usti suvlarini chiqarib tashlash tarmoqlari va drenaj tizimlarining qoniqarsiz holati, yer osti suvlari sathining intensiv ko‘tarilishi, shuningdek, rejali asosda gidrogeologik monitoring olib borilmaganligi oqibatida ayrim shaharlar va boshqa aholi punktlarida yer osti suvlari sathining ko‘tarilishi kuzatilmoqda. 

Er osti suvlari monitoringining 1 465 kuzatuv punktidan iborat amaldagi tizimi suv manbalarining ifloslanishiga, yer osti suvlari zaxiralarining kamayishiga va aholi punktlari hududlarida yer osti suvlari sathining ko‘tarilishiga olib kelayotgan salbiy omillarni o‘z vaqtida va to‘laqonli baholash imkonini bermayapti. 

Sifatli ichimlik suvi taqchil bo‘lgan ayrim mintaqalarimizda suvni industrial chuchuklashtirish qurilmalaridan yetarli foydalanilmayapti, respublikamizda ularni ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmayapti. 

Er osti suvlaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va ularni hisobga olishni yo‘lga qo‘yish, samarali monitoring tizimini yaratgan holda ularning zaxiralarini yanada ko‘paytirish, kamayib ketish va ifloslanishdan muhofaza qilish, shuningdek, respublikamiz aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan 10 073 ta suv qudug‘i xatlovdan o‘tkazilganligi, xatlov natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin: 

qonunchilik bazasi takomillashtirilmagani oqibatida 6 679 ta quduqdan yer osti suvlari nazoratsiz olinmoqda va ularning ifloslanishi va zaxiralari kamayishi davom etmoqda; 

er osti suvlarini hisobga olish va ulardan foydalanish yuzasidan zarur nazoratning mavjud emasligi oqibatida 59 foiz yer osti suvlari belgilangan tartibda tasdiqlanmagan zaxiralardan olinmoqda; 

suv manbalari sathlari ifloslanishining hozirgi sur’atlarida yaqin o‘n yillarda chuchuk yer osti suvlari mavjud resurslarining yarmidan ko‘pini tiklab bo‘lmas darajada yo‘qotishning real xavfi mavjud. 

2. 2017-yilning 1-iyulidan boshlab quyidagi tartib belgilansin, unga muvofiq: 

belgilangan tartibda ruxsat olinmasdan, biroq texnik talablarga rioya etgan holda qazilgan foydalanish quduqlari keyinchalik belgilangan tartibda foydalanish uchun tegishli suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari tomonidan rasmiylashtirilishi lozim; 

belgilangan tartibda ruxsat olinmasdan va texnik talablar buzilgan holda qazilgan foydalanish quduqlari, tegishli suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilarini muqobil suv manbalariga ulashni hisobga olgan holda, belgilangan tartibda tugatiladi; 

yuridik va jismoniy shaxslarga suv olish uchun quduq qazishga belgilangan tartibda gidrogeologik xulosa berish faqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining gidrogeologiya korxonalari tomonidan amalga oshiriladi; 

suv olish uchun quduq qazishga ruxsatnomalar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat ekologik ekspertizasi xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu band bilan o‘rnatilayotgan tartibning amalga oshirilishini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

3. Belgilab qo‘yilsinki: 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari yer osti suvlarini hisobga olish va ulardan oqilona foydalanish yuzasidan tegishli nazoratni ta’minlash uchun vakolatli davlat organlari hisoblanadi; 

suvdan foydalanuvchi va suv iste’molchilari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarning suv resurslaridan oqilona foydalanish, olinayotgan suv hajmini tegishli tarzda hisobga olish, ularning ifloslanishi va kamayishining oldini olish, shuningdek, vakolatli davlat organlariga belgilangan tartibda hisobot taqdim etishga doir vazifalari ruxsat beruvchi talablar va shartlarga kiritilishi lozim. 

4. Quyidagilarni o‘z ichiga olgan 2017-2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari dasturi: 

2017-2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari kompleksi 1-ilovaga muvofiq; 

2017-2021-yillarda chuchuk yer osti suvlari zaxiralarini ko‘paytirishning maqsadli parametrlari 2-ilovaga muvofiq; 

2018-2021-yillarda yer osti suvlari monitoringi kuzatish punktlari tarmog‘ini kengaytirish dasturi 3-ilovaga muvofiq; 

2018-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi gidrogeologiya korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari 4-ilovaga muvofiq; 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2018-2019-yillarda quriladigan va jihozlanadigan hududiy gidrogeologiya stansiyalarining ishlab chiqarish bazalari ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq; 

2018-2020-yillarda shaharlar va tumanlar markazlarida drenaj va kuzatuv quduqlari qurish hamda kollektorlar qurish va ularni mukammal ta’mirlash parametrlari 6-10-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. 

Vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari mas’ul ijrochi rahbarlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga tasdiqlangan Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsiy mas’uliyat yuklansin. 

Tegishli tadbirlarning amalga oshirilishi uchun mas’ul vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari nazarda tutilgan har bir loyiha bo‘yicha bir oy muddatda “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida 11-ilovaga muvofiq, har yilgi: 

respublikaning mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va takror ishlab chiqarish dasturi doirasida 2-5-ilovalarda nazarda tutilgan chuchuk yer osti suvlari zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha gidrogeologiya ishlarini amalga oshirish, ularning holati yuzasidan monitoring olib borish, gidrogeologiya-melioratsiya tadqiqotlari o‘tkazish, gidrogeologiya korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, hududiy gidrogeologiya stansiyalarining ishlab chiqarish bazalarini qurish va jihozlash uchun; 

O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturi doirasida (xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va mahalliy byudjetlar parametrlarini qo‘shgan holda) 6-10-ilovalarda nazarda tutilgan 2018-2020-yillarda shaharlar va tumanlar markazlarida drenaj va kuzatuv quduqlari hamda kollektorlar qurish va ularni mukammal ta’mirlash uchun mablag‘ ajratishni nazarda tutsin. 

6. 2017-2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha 12-ilovaga muvofiq Ishchi guruh tashkil etilsin. 

Ishchi guruh (G‘.I.Ibragimov) 2017-2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar faoliyatini samarali va o‘z vaqtida muvofiqlashtirishni ta’minlasin, tegishli rahbarlarning hisobotlari tizimli ravishda eshitib borilsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi: 

2018-yilning oxirigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mavjud barcha suv olish quduqlarini o‘rganib chiqsin hamda quduqlarni tiklash, konservatsiya qilish yoki egasi bo‘lmaganlarini tugatish yuzasidan hududiy “Suvoqova” davlat unitar korxonalariga tavsiyalar bersin; 

2021-yilning oxirigacha 500 ta avtomatlashtirilgan kuzatuv tizimini o‘rnatish hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda barcha suv manbalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini tayyorlagan holda yer osti suvlari monitoringi kuzatuv punktlarining samarali tarmog‘ini yaratsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 2017-yilning oxirigacha mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan chuchuklashtirish qurilmalarining samaradorligini aniqlash bo‘yicha tajriba-sinov ishlarini amalga oshirsin; 

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda mamlakatimizda chuchuklashtirish qurilmalarini sanoat asosida ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan 2018-yilning 1-yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining: 

Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida “Meliorativ gidrogeologiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tashkil etish; 

Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti negizida “Meliorativ gidrogeologiya” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini qayta tiklash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutiga qabul kvotalarini shakllantirishda “Meliorativ gidrogeologiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni nazarda tutsin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga gidrogeologiya ishlari uchun zamonaviy burg‘ulash uskunalari va ularga ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I.Ibragimov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                       Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 4-may 

 

* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
"2017-2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona 
foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni 
tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga
 
SHARH
 

Uzoq muddatli istiqbolda ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiyalashga doir kompleks chora-tadbirlar va maqsadli dasturlarning amalga oshirilishi asosida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 

Hozirga qadar respublikamizning aksariyat mintaqalarida aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, joriy yilning 20-aprelida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021-yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyatga egadir. 

Shuni alohida qayd etish lozimki, bugungi kunda yurtimizdagi 69 ta shahar, 335 ta posyolka va 2902 ta qishloq aholi punkti aholisining ehtiyojlari yer osti suvlari zaxiralari hisobiga qondirilmoqda. 

Hammamizga ma’lumki, keyingi o‘n yilliklarda sanoat va qishloq xo‘jaligining jadal sur’atda rivojlanishi chuchuk yer osti suvlari holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu esa o‘z navbatida suv zaxiralari hajmining sezilarli darajada qisqarishi hamda suv olish inshootlarining ruxsatsiz qurilishiga, suvni nazoratsiz olish oqibatida esa ayrim manbalarda suv zaxiralarining keskin kamayishi va tugashiga olib keldi. 

Respublikamizning ayrim hududlarida yer yuzasidagi suvlarni chiqarib tashlash va drenaj tizimlarining qoniqarsiz holati, yer osti suvlari sathining intensiv ko‘tarilishi, shuningdek, rejali tarzda gidrogeologik monitoring olib borilmagani oqibatida ayrim shaharlar va aholi punktlarida yer osti suvlari sathining yer yuzasiga yaqinlashishi kuzatilmoqda. 

Shu bilan birga, yer osti suvlari monitoringining amaldagi tizimi suv manbalarining ifloslanishiga, yer osti suvlari zaxiralarining kamayishiga va ba’zi aholi punktlarida yer osti suvlari sathining ko‘tarilishiga olib keluvchi salbiy omillarni o‘z vaqtida va to‘laqonli baholash imkonini bermayapti. 

Bu haqda so‘z borganda, ichimlik suvi taqchil bo‘lgan ayrim hududlarda suvni chuchuklashtirish bo‘yicha zamonaviy qurilmalar yetarli darajada joriy etilmaganini, suvni chuchuklashtirish uchun kerak bo‘ladigan uskuna va qurilmalarni ishlab chiqarish borasida mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini ham ta’kidlashga to‘g‘ri keladi. 

Muhim jihati shundaki, shu yilning fevral-mart oylarida 10 mingdan ortiq suv qudug‘i bo‘yicha o‘tkazilgan xatlov natijalari aytib o‘tilgan salbiy omillarning yer osti suvlari holatiga ta’siri davom etayotganidan dalolat beradi. Xatlov natijalari: 

60 foizdan ortiq quduqlardan yer osti suvlari nazoratsiz olinayotgani hamda ularning ifloslanishi va zaxiralarining kamayishi davom etayotganini; 

59 foiz yer osti suvlari tasdiqlanmagan zaxiralardan olinayotganini; 

yaqin o‘n yillar mobaynida chuchuk yer osti suvlari mavjud resurslarining yarmidan ko‘pini tiklab bo‘lmas tarzda yo‘qotishning real xavfi mavjudligini yaqqol ko‘rsatdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qarori yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammolarni zudlik bilan hal etish zaruratidan kelib chiqqan holda qabul qilindi. U ayni paytda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari samaradorligini oshirish va shu asosda mamlakatimiz aholisini suv bilan ta’minlash sifatini yaxshilashga hamda ayrim shaharlar va tumanlar markazlarida yer osti suvlari sathlari ko‘tarilishining oldini olishga yo‘naltirilgan. 

Avvalambor, ushbu qaror bilan 2017-yilning 1-iyulidan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi: 

belgilangan tartibda ruxsat olinmasdan, biroq texnik talablarga rioya etilgan holda qazilgan quduqlardan foydalanish tegishli suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari tomonidan kelgusida belgilangan tartibda foydalanish uchun rasmiylashtirilishi lozim; 

belgilangan tartibda ruxsat olinmasdan va texnik talablarga rioya etilmasdan qazilgan quduqlar tegishli suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilarini muqobil suv manbalariga ulashni hisobga olgan holda belgilangan tartibda tugatiladi; 

yuridik va jismoniy shaxslarga suv olish uchun quduq qazishga belgilangan tartibda gidrogeologik xulosa berish faqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining gidrogeologiya korxonalari tomonidan amalga oshiriladi; 

suv olish uchun quduq qazishga ruxsatnomalar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat ekologik ekspertizasi xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladi. 

Ushbu hujjatda yer osti suvlarini hisobga olish va ulardan foydalanish yuzasidan nazorat va hisob-kitobning ta’minlanishi uchun vakolatli davlat organlarining hamda suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilarining suv resurslaridan oqilona foydalanish, olinayotgan suv hajmini to‘laqonli tarzda hisobga olish, shuningdek, ularning ifloslanishi va kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha vazifalari belgilangan. 

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari dasturi sohada muhim o‘rin tutadi. 

Dastur: 

er osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va ularni hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari kompleksini; 

chuchuk yer osti suvlarining tasdiqlangan zaxiralarini ko‘paytirishning maqsadli parametrlarini; 

er osti suvlari monitoringi bo‘yicha kuzatish punktlari tarmog‘ini kengaytirish parametrlarini; 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi gidrogeologiya korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda hududiy gidrogeologiya stansiyalarining ishlab chiqarish bazalarini qurish va jihozlash chora-tadbirlarini; 

shaharlar va tumanlar markazlarida drenaj va kuzatuv quduqlarini hamda kollektorlarni qurish va ularni mukammal ta’mirlash parametrlarini o‘z ichiga oladi. 

Dasturni moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan 396 milliard so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek, mamlakatimizda chuchuklashtirish qurilmalarini sanoat usulida ishlab chiqarishni tashkil etish va tegishli aholi punktlarini jihozlash uchun 2017-yilning oxirigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida tajriba-sinov ishlarini o‘tkazish nazarda tutilgan. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi korxonalarini mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida "Meliorativ gidrogeologiya" ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tashkil etish ko‘zda tutilgan. 

Ushbu qarorning bajarilishi: 

birinchidan, yer osti suvlaridan foydalanishni nazorat qilish va ulardan oqilona foydalanishni hisobga olishning samarali mexanizmini joriy etish; 

ikkinchidan, yer osti chuchuk suvlari zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha gidrogeologik ishlar samaradorligini oshirish hamda qo‘shimcha ravishda 7 ta shahar, 21 ta posyolka va 426 ta qishloq aholi punktlarining suv ta’minotini kafolatlash; 

uchinchidan, yer osti suvlarini kuzatish tarmog‘ini yana 1155 ta quduqqa ko‘paytirish va ularda 500 ta zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlar o‘rnatish hisobiga yer osti suvlarining holati ustidan samarali monitoring olib borilishini tashkil etish; 

to‘rtinchidan, drenaj quduqlar sonini 715 taga, kuzatish drenaj quduqlari sonini 1369 taga, kollektorlar uzunligini 280 kilometrga ko‘paytirish hisobiga 132 ta shaharlar va tumanlar markazlarida yer osti suvlari sathi ko‘tarilishining oldini olish hisobiga mamlakatimizning ko‘plab shahar va qishloqlarida aholi yashash sharoitlarini sifat jihatdan yaxshilash imkonini beradi.

Поделиться