O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harakatlar strategiyasini o‘rganish haftaligi
2017-05-04 | Jamiyat
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va uni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi mazmun-mohiyatini o‘rganish va targ‘ib qilish, belgilangan vazifalar izchil ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilmoqda.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan haftalik bu kabi tadbirlarning mantiqiy davomidir. Haftalik doirasida universitet talabalari hamda professor-o‘qituvchilariga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mutaxassislari, vazirliklar, tashkilotlar, idoralar va qo‘mitalar xodimlari 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va uni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati haqida ma’ruzalar qiladi, taqdimotlar o‘tkazadi, ijtimoiy roliklar havola etadi.
Harakatlar strategiyasidagi beshta ustuvor yo‘nalishning biri iqtisodiy sohani yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi.
Haftalik doirasidagi ilk tadbirda universitetning iqtisodiyot fakulteti talaba-yoshlari, professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va boshqa tashkilotlar mutaxassislari Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati, ularning ijtimoiy-iqtisodiy soha rivojidagi ahamiyati haqida fikr almashdi.