O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kooperatsiya aloqalari mustahkamlanmoqda

2017-05-03 | Iqtisodiyot

«O‘zekspomarkaz»da qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste’mol tovarlari hamda eksport salohiyatini va mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish komplekslarining tarmoqlararo sanoat yarmarkasi ochildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 20-martdagi “2017-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan ushbu tadbir tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, import o‘rnini bosadigan va eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida mamlakatimizda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, barqaror sheriklik munosabatlarini o‘rnatish, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar sanoatning izchil rivojlanishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. 

Mamlakatimizda mahalliy xomashyo asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar ishlab chiqarish, yirik sanoat korxonalari va kichik biznes subyektlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalliylashtirish dasturining amalga oshirilishi natijasida ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari rivojlanib, mahsulot turi va sifati oshmoqda, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining birinchi bosqichi doirasida har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan tarmoqlararo sanoat yarmarkalari bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Joriy yilda tarmoqlararo sanoat yarmarkasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, «O‘zpaxtasanoateksport», «O‘zagrosanoatmashxolding», «O‘zbekoziqovqatxolding» hamda «O‘zvinosanoatxolding» xolding kompaniyalari, «O‘zdonmahsulot», «O‘zavtosanoat» hamda «O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyalari, «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi singari tuzilmalar tarkibiga kiruvchi 950 dan ziyod korxona, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari ishtirok etmoqda. 

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi korxonalari ekspozitsiyasi rang-barangligi bilan ajralib turibdi. Bu yerda 30 dan ortiq sanoat korxonasi 170 dan ziyod mahsulotni namoyish etmoqda. «Suvmash» aksiyadorlik jamiyati turli rusumdagi nasoslarni, «Suvsanoatmash» korxonasi har xil vagonlar, stanoklarni, «Toshkent elektrodvigatel» qo‘shma korxonasi elektr dvigatellarini ko‘rgazma ishtirokchilari e’tiboriga havola etmoqda. 

– Yarmarka sanoat korxonalari bilan vazirlik tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi suv xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Jo‘rabek Abdullayev. – O‘tgan yilgi tarmoqlararo yarmarkada soha korxonalari tomonidan qiymati 7 milliard 800 million so‘mlik shartnomalar tuzilgan bo‘lsa, joriy yilda 10 milliard so‘mdan ziyod bitimlar imzolanishi kutilmoqda. 

Mamlakatimizda to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanmoqda. Buni yarmarkaning doimiy ishtirokchisi «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati stendlaridagi mahsulotlar turining ko‘pligi ham tasdiqlaydi. 

O‘tgan yilgi yarmarkada tizimdagi o‘n beshga yaqin korxona ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilda yigirmadan ziyod korxona 150 turdan ortiq mahsulotini namoyish etayotir. Mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilgan. 

Mamlakatimizda qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar sanoat kooperatsiyasining kengayishida muhim omil bo‘lmoqda. Mahalliy bozor bilan bir qatorda dunyoning 15 dan ortiq davlatiga turli rusumdagi zamonaviy avtomobillar yetkazib berayotgan «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar faoliyati fikrimizning yorqin dalilidir. 

Andijon shahridagi «Uz-Koram Ko.» mas’uliyati cheklangan jamiyati mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar uchun bamperlar, instrumental panellar, eshik qoplamalari, zarba yutgichlar yetkazib berayotir. Korxonada 850 dan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. 

– Ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash maqsadida korxonamizda 2016-yilning dekabr oyidan boshlab polipropilendan sakkiz turdagi xalq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, – deydi «Uz-Koram Ko.» MChJ mahalliylashtirish sektori boshlig‘i Elyor Ashurov. – Bugungi ko‘rgazmada yangi turdagi avtomobil butlovchi qismlari bilan birga mazkur mahsulotlarni ham namoyish etmoqdamiz. 

Sanoat yarmarkasida korxonalar taqdimotlarida texnik va texnologik imkoniyatlar borasida to‘liq tushunchaga ega bo‘lish, hamkorlik uchun takliflar olish mumkin. Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari ishlab chiqarishning texnik yangiliklari va yutuqlari bilan tanishish, yaqin istiqbolda ishlab chiqariladigan material va butlovchi qismlarga bo‘lgan talabni aniqlash, sanoat mahsulotlarining yangi turlarini o‘zlashtirish borasida shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi. 

Behzod Bozorov, O‘zA 

Поделиться