O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mehr-oqibat va saxovat shodiyonasi
2017-05-02 | Jamiyat
Qo‘qon shahridagi “O‘rda” tantanalar saroyida bo‘lib o‘tgan 13 juft kelin-kuyovning nikoh to‘yi ularning xotirasida bir umr saqlanib qoladigan bo‘ldi. Xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat tantanasiga aylangan bu tadbirlar zamirida inson manfaatlariga bo‘lgan yuksak e’tibor mujassam.
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “Prezident e’tibori – muruvvat tadbirlarida” shiori ostida o‘tkazilayotgan nikoh va sunnat to‘ylarida xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovatpeshalik va muhtojlarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berishdek olijanob fazilatlar o‘z ifodasini topmoqda. Bunday tadbirlar Farg‘ona viloyatida ham yuksak saviyada o‘tkazilmoqda.
Qo‘qon shahrida tashkil etilgan nikoh to‘ylari katta shodiyonaga aylandi. Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda viloyat faollari, el orasida obro‘-e’tibor qozongan nuroniylar, mehnat faxriylari, kelin-kuyovlarning ota-onalari, yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Kelin-kuyovlar uchun maroqli sayr tashkil etildi. O‘zbekona to‘yning bevosita guvohiga aylangan bir guruh kanadalik sayyohlar o‘z hayratlarini bunday ifodaladi:
– Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganmiz, lekin o‘zaro hamjihatlik va ahillikda uyushtiriladigan bunday fayzli to‘y tantanalarini hech qayerda ko‘rmaganmiz, – deydi Daniel Desroches. – Kattayu kichikning quvnoq kayfiyatda bir-biriga samimiy munosabatda bo‘lishi, muhtasham bir saroyga shuncha odam to‘planishi, shodon o‘yin-kulgini boshqa yurtlarda uchratmaysiz. O‘zbek xalqining bunday bag‘rikengligi, mehmondo‘stligidan butun dunyo ibrat olsa arziydi.
Milliy urf-odat va an’analarimiz asosida tashkil etilgan nikoh to‘yi karnay-surnay sadolari ostida kelin-kuyovlarni kutib olish bilan boshlandi. “Qo‘qon yor-yori” folklor-etnografik ansamblining kelin salomi barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida inson manfaatlarini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ayniqsa, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu sa’y-harakatlar o‘zining amaliy samarasini berayotgani ta’kidlandi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bu kabi xayrli amallarning ko‘lami yanada kengaymoqda.
– Yoshlarning baxtiyor chehralarini ko‘rgan har qanday kishi ularga havas qiladi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Dang‘ara tumani bo‘limi raisi Rafiqjon Qurbonov. – Xalqimizning barhayot qadriyatlari, an’analari bugun yanada yangicha sayqal topmoqda. Albatta, bu kabi ezguliklarga yosh oilalar ham sidqidildan mehnat qilib javob qaytarishadi.
Yosh oilalarga Prezident sovg‘asi – zamonaviy yotoqxona mebellari to‘plami, viloyat hokimligi va boshqa homiy tashkilotlarning sovg‘alari topshirildi. Nikoh uzugi, milliy sarpolar tuhfa qilindi. Kelin-kuyovlarning ish bilan ta’minlangan yo ta’minlanmagani o‘rganilib, ishsizlari tegishli tartibda ishga joylashtirildi.
– Farzandim Abdulazizning nikoh to‘yini o‘tkazyapmiz, –deydi Furqat tumanida yashovchi Odinaxon Jalolova. – Turmush o‘rtog‘im bevaqt vafot etgani tufayli o‘g‘limning to‘yini o‘tkazishga qiynalib turgan edik. O‘g‘lim kelinim Dilorom Zokirova bilan davraga kirib kelayotganida uning otasiz ekani bilinmadi. Bunday ezgu ishlar boshida turgan Prezidentimizga, hukumatimizga, barcha saxovatli insonlarga chin dildan minnatdorlik bildiraman. Kam ta’minlangan oilalar va ularning farzandlariga ko‘rsatilayotgan alohida g‘amxo‘rlikdan boshimiz ko‘kka yetmoqda.
Kelin-kuyovlarga samimiy tilaklar bildirildi. Taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Imkoniyati cheklangani sababli to‘y tantanalarida bevosita ishtirok etolmagan o‘n uchinchi juftlik – Bag‘dod tumanidan Shuhrat Egamberdiyev va Shahnoza Mamatqulova xonadonida ham “Yor-yor” sadolari yangradi, bu yangi oila a’zolariga ham Prezident sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. To‘y sarpolari va hadyalar tuhfa etildi.
Marosimda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.