O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizm salohiyatini oshirish istiqbollari
2017-04-27 | Turizm
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda turistik faoliyatda axborot ta’minoti samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Parlament quyi palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimiz sayyohlik imkoniyatlaridan unumli foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar sohani sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Prezidentimizning 2016-yil 2-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mamlakat turizm sanoatini rivojlantirish, iqtisodiyotning tez o‘sishini ta’minlashda uning rolini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, dunyo bozorida milliy turistik mahsulot salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi barcha sharoitlar yaratilmoqda. Mazkur faoliyat milliy turizm sohasini axborot bilan ta’minlash, turistik operatorlar uchun zamonaviy axborot texnologiyalari yechimlari va komputer dasturlarini ishlab chiqish, axborot bozori subyektlariga uyg‘unlashgan holda ishlash, xalqaro miqyosda mamlakatimiz nufuzini oshirish bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ibot ishlarini olib borishni taqozo etadi.
– Turizm faoliyatini jadal rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar «Turizm to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni yangi tahririni ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Sharafiddinov. – Bu borada amaldagi qonunchilikka turizm faoliyatini axborot bilan ta’minlashga doir o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhim omillardan biri hisoblanadi.
Davra suhbatida turizm faoliyatini axborot bilan ta’minlash jarayonini takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Manba: O'zA