O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elektron murojaat: qulay va samarali
2017-04-26 | Texnologiyalar
Murojaat qilish va axborot olish fuqarolarning eng asosiy huquqlaridan bo‘lib, ular inson manfaatlarini ta’minlash va himoya qilishning muhim omillaridandir.
Milliy qonunchiligimizda murojaat qilish va axborot olishning huquqiy kafolatlari belgilangan. «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi asosida murojaat qilishning qulay usullari yaratilmoqda. Virtual qabulxonalar imkoniyatidan aholi unumli foydalanayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida "Elektron murojaat – davlat va xalq o‘rtasidagi aloqalarning muhim mexanizmi" mavzuida tashkil etilgan seminarda murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish masalalari muhokama etildi.
Quyi palataning Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida xalq manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Fuqarolarning axborot olish huquqlarini ta’minlash, davlat va jamiyat o‘rtasidagi aloqalar mexanizmini takomillashtirish borasida samarali ish olib borilmoqda.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan fuqarolarning elektron murojaatlariga tezkor javob berish uchun ularning internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlari yaratilgan. Kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilish va javob berish monitoringini yuritish bo‘yicha axborot tizimlari joriy etilgan.
– Elektron aloqalardan faol foydalanish davlat boshqaruvi tizimini demokratlashtirish va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, – deydi Toshkent shahar hokimligining “Kompyuterlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi direktori Mahmud Asomov. – Joriy yilda Toshkent shahar va tumanlar hokimliklariga yigirma bir mingdan ziyod elektron murojaat kelib tushgan. Ularni o‘z vaqtida, tezkor va samarali ko‘rib chiqish mexanizmini yanada takomillashtirish ustida ish olib borilmoqda.
Savol-javob tarzida o‘tgan seminarda parlament va soliq xizmati faoliyatida elektron murojaatlar bilan ishlash tizimi, “my.gov.uz” portalida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida ma’lumot berildi.