O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Surxondaryoda sayyor qabul o‘tkazdi

2017-04-25 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Sh.G‘oziyev Surxondaryo viloyatida sayyor qabul o‘tkazdi.

Termiz shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasida tashkil etilgan sayyor qabulda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud ish yurituvining sifati va samaradorligini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani ta’kidlandi. Prezidentimizning joriy yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Viloyatdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan har bir ariza va shikoyat belgilangan muddatda ko‘rib chiqilib, qonuniy hal qilinmoqda. O‘tgan vaqtda viloyatdagi Xalq qabulxonlariga kelib tushgan 11 ming 346 murojaatning 320 tasi sud amaliyotiga tegishli. 

Sayyor qabulda Surxondaryo viloyatidagi tadbirkorlik subyektlari, keksalar, xotin-qizlar va boshqa fuqarolar tomonidan ularning yaqin qarindoshlari yoki o‘zlari ustidan chiqarilgan sud hukmlaridan noroziligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari va bevosita Oliy sudga qilingan murojaatlar tinglandi, qayta ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi. Ayrim fuqarolarga tegishliligi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi. 

Termizlik Musurmonqul Xolmatov oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Ular Sherobod tumanidagi Xo‘jaikon tuz konining davlat mulki bo‘lgan shifoxonasini xususiylashtirib olib, xususiy davolash maskaniga aylantirgan. Tabiiy tuz yordamida allergiya va bronxial astma kabi kasalliklarni davolashni yo‘lga qo‘ygan. 

– 7-yil davomida bu maskanda ko‘plab yurtdoshlarimiz dardiga malham topdi, – deydi M.Xolmatov. – Qonun doirasida xususiylashtirib berilgan mulkning egalik huquqini bekor qilish bo‘yicha Termiz tumanlararo fuqarolik sudi 2014-yil qaror chiqardi. 2015-yil ish qayta ko‘rilib, bizning foydamizga hal bo‘ldi. Shundan keyin ham sud jarayoni davom etdi. Xullas, o‘tgan yili mulkni bizdan olib qo‘yish bo‘yicha Oliy sudning qarori chiqdi. Xususiy mulkimizni hali olib qo‘yishmagan bo‘lsa-da, faoliyatimiz to‘xtab, binolarimiz qarovsiz holga kelib qolgan. Ushbu masalada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga murojaat etgan edik. Mana, bugun Oliy sud raisi bizni tinglab, muammoni o‘rgandi. Belgilangan muddatda qayta ko‘rib chiqib, qonuniy yechimini topishga va’da berdi. 

Sayyor qabulda Termiz shahri, Termiz, Muzrabot, Jarqo‘rg‘on, Boysun, Angor tumanlarida istiqomat qilayotgan ayrim fuqarolarning uy-joy va yer uchastkasiga doir nizolar bilan bog‘liq murojaatlari ham tinglandi. 

– Men 14-yil Oltinsoy tumani bolalar poliklinikasida hamshira bo‘lib ishlaganman, – deydi Nargiza Jo‘raqulova. – Ishdan asossiz bo‘shatib yuborishdi. O‘z ishimga qaytsam, yurtdoshlarimiz salomatligi yo‘lida xizmat qilsam, deyman. Adolat qaror topishiga ishonaman. 

Sayyor qabulga sud hukmidan norozi bo‘lib murojaat qilganlar orasida turli idora va korxonalarning sobiq rahbarlari, huquqshunoslar ham bor. 

– Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida tashkil etilgan Xalq qabulxonalari adolatli, huquqiy-demokratik davlat barpo etayotganimizning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi, – deydi Termiz tumanidagi Tinchlik mahallasida yashovchi Saydullo Janayev. – Ko‘plab muammolar shu dargoh orqali o‘z yechimini topayotgani odamlarning hayotdan rozi bo‘lib, ertangi kuniga ishonchini yanada mustahkamlamoqda. O‘zim oliy ma’lumotli huquqshunosman. 2012-yil kech kuzda menga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, uni mazmunan ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudiga yuborildi. Ish to‘liq va xolisona o‘rganilmadi, degan fikrdaman. Sayyor qabulda takroriy nazorat tartibidagi shikoyatimni barcha hujjatlar bilan topshirdim. Yuzma-yuz suhbat chog‘ida Oliy sud raisi masala har tomonlama o‘rganilib, 20 kun mobaynida qonuniy ko‘rib chiqilishini va’da qildi. Fuqarolarning dardini tinglash, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan bunday adolatli tizimni yo‘lga qo‘ygan Prezidentimizdan minnatdormiz. 

Viloyatdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalarida muammosi ijobiy yechim topayotgan fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning dil so‘zlarini tinglash, samimiy minnatdorligini qabul qilish odatiy holga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining sayyor qabulida “Willi Betz” Bolgariya – Germaniya kompaniyasi vakillari kompaniya tomonidan Termizda duch kelgan muammoning qisqa vaqtda qonuniy yechimini topishga yordam bergani uchun davlatimiz rahbaridan minnatdor ekanini bildirdi. 

Ikki kun davom etgan sayyor qabulda fuqarolarning turli masalalarga oid 76 murojaati tinglanib, qayta ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi. Viloyat sudlari raislari va sudyalarga aniq topshiriqlar berilib, nazoratga olindi. Fuqarolarning huquq va manfaatlarini qonuniy himoya qilish, jamiyatda adolat ustuvorligini ta’minlash sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishi ekani ta’kidlandi.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

Поделиться