O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi
2017-04-24 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda adliya organlari va muassasalari tomonidan qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash sohasida 2017 yil 1-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar yakuni va joriy yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida 45 ta normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan 7 ta qonun loyihalari ishlab chiqilib, Hukumatga kiritildi. 728 ta qonun hujjatlari loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga ortgan.
O‘rganishlarda aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 254 nafar shaxs ma’muriy, 1 105 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.
Fuqarolar va tadbirkorlardan kelib tushgan 44 mingdan ortiq murojaatlar mazmunan ko‘rib chiqilib, hal etildi. Sudlarga kiritilgan 14 mlrd. so‘mlik da’volar qanoatlantirildi. Aholining huquqiy ongini oshirish bo‘yicha 18 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Davlat notarial idoralar tomonidan qariyb 122 mlrd. so‘m, FHDYO organlari tomonidan 9,5 mlrd. so‘m davlat boji va gerb yig‘imlari undirildi. Sud ijro organlari tomonidan 6 trln. so‘mga yaqin qiymatdagi ijro hujjatlarining ijrosi tamomlandi.
Hisobot davrida adliya organlariga 44 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ushbu raqam o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki barobarko‘paydi. Ularning 16 mingdan ortig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali kelgan.
Shuningdek, adliya organlari xodimlarining joylarda tashkil etilgan Xalq qabulxonalari ishida ham faol ishtirok etishi natijasida, 700 dan ortiqfuqarolarning muammolarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Murojaatlarning ijobiy hal etilishi natijasida, 7 807 nafar fuqaro va tadbirkorlar huquqlarini tiklashga erishildi.
Majlisda muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 11 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va natijali bajarilishi, shuningdek vakolatli organlarga kiritiladigan hujjatlar va takliflar loyihalarini, hisob-kitoblarning asoslanganligini, kafolatlangan moliyalashtirish manbalari va erishiladigan prognoz natijalarining aniqligini nazarda tutgan holda, puxta ishlab chiqish ta’minlanishi uchun vazirlik va idoralar rahbarlarining shaxsan javobgar etib belgilanganligidan kelib chiqib adliya organlari va muassasalarida ijro intizomini yanada kuchaytirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Vazirlik tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va mas’ul xodimlarining qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlarida belgilangan vazifa va tadbirlar ijrosini o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq ta’minlash bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirish kerakligi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Hay’at majlisida o‘tgan chorak davomida bajarilgan ishlar atroflicha tahlil etildi. Yutuqlar bilan birga ayrim adliya organlari va muassasalari tomonidan faoliyatda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqid qilindi. Ijro intizomini mustaxkamlash, faoliyatni tizimli ravishda rejalashtirishni amalga oshirish, nazorat va monitoring tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish, muammolarni keltirib chiqarayotgan sabab hamda sharoitlarni aniqlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi