O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mustahkam hamkorlik va tashqi bozorga yo‘l
2017-04-21 | Iqtisodiyot
Navoiyda hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda 250 ishlab chiqarish korxonasi o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur yarmarka raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan yirik sanoat korxonalarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotir.
Yarmarkada viloyatda mahalliylashtirish dasturi asosida o‘zlashtirilayotgan yangi mahsulot turlari ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Xususan, maishiy texnikalar va buyumlar, zamonaviy tibbiyot mahsulotlari, kimyo va kon sanoati uchun zarur buyumlar raqobatbardoshligi bilan ajralib turdi.
– Korxonamizda kommunal va boshqa tizimda ishlatiladigan ikkilamchi polietilen quvurlar tayyorlanadi, – deydi Karmana tumanidagi “Ozodbek plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Mahliyo Rajabova. – Ayni paytda 11 kishi mehnat qilayotgan korxonada tayyorlanayotgan turli diametr va qalinlikdagi quvurlarga talab ortmoqda. Joriy yilda yo‘laklar uchun mo‘ljallangan bruschatka va beton plitalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Yarmarkada xaridorlar va ishlab chiqaruvchilar bilan qator shartnomalar imzolab, penoblok ishlab chiqarish liniyasini xarid qilish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdik. Endi yangi turdagi mahsulot tayyorlab, daromadni kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirmoqdamiz.
Yarmarkada qulay bank xizmat turlari, qishloq xo‘jaligidagi yangiliklar hamda mahalliylashtirish dasturi asosida sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar keng namoyish etildi.
Tadbir yakunida ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida yangi texnika va vositalar, texnologiyalar, mahsulot hamda xizmatlarni xarid qilish yuzasidan 80 milliard so‘mlikdan ortiq ichki, qariyb 4 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi.