O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreyalik shifokorlar Buxoroda
2017-04-21 | Jamiyat
Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Janubiy Koreyaning “Vision Care” xalqaro tashkiloti oftalmolog-shifokorlari aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi sohaga oid davlat dasturlari ijrosi doirasida bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish maqsadida xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Masalan, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Janubiy Koreyaning “Save the Children” xalqaro fondi va boshqa muassasalar bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatilishi natijasida tug‘ma yurak nuqsoni, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari, teri kuyish asoratlari va boshqa xastaliklar bilan og‘rigan bir guruh bolalar bepul sog‘lomlashtirildi.
“Daewoo International” korporatsiyasi homiyligida “Vision Care” xalqaro tashkilotining bir guruh shifokorlari Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib, Buxoro va Navoiy viloyatlari aholisini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Murojaat qilganlarning qariyb 100 nafarida katarakta bartaraf etilib, ko‘z gavhari almashtirildi.
– Tashkilotimiz O‘zbekistonda bahor va kuz faslida bir necha kun davomida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda, – deydi Janubiy koreyalik ko‘z shifokori Xan Jangmo. – Yurtingizda ko‘p narsa e’tiborimizni tortdi. Tibbiyot muassasalari zamonaviyligi, zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlangani mamlakatingizda sog‘liqni saqlash sohasiga alohida e’tibor qaratilayotganini tasdiqlab turibdi. Tibbiy ko‘rik va operatsiyalarda ko‘maklashgan o‘zbekistonlik malakali oftalmolog-shifokorlar bilan hamkorlikda ishlash yoqimli bo‘ldi.
– Bir ko‘zim xiralashib qolgach, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasiga murojaat qildim, – deydi Olot tumani Oqpo‘lat qishlog‘idan 67 yoshli Sharof Ibodov. – Shifokorlar operatsiya qilish zarurligini, yaqin kunlarda Buxoro shahriga keladigan Janubiy koreyalik mutaxassislarga uchrashishni aytdi. Ular tavsiyasi bilan xorijlik shifokorlar huzuriga keldim. Jarrohlik amaliyoti yaxshi o‘tdi. Mana, ko‘zim yoshligimdagi kabi tiniq-ravshan ko‘ra boshladi.
Aksiya doirasida chuqurlashtirilgan oftalmologik tekshiruvlardan o‘tgan bemorlar dori-darmon, maxsus ko‘zoynaklar bilan bepul ta’minlandi. Ularga ko‘z xastaliklarining oldini olish yuzasidan tegishli maslahatlar berildi.