O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yuqori malakali kadrlar tayyorlash – davr talabi
2017-04-21 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida malakali yuridik kadrlar tayyorlash masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Unda talabalar, professor-o‘qituvchilar, prokuratura mas’ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Ye.Kanyazov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori A.Jumanov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori vazifasini bajaruvchi M.Ibragimov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida yuridik ta’limni tubdan isloh qilish, sud-huquq tizimini malakali kadrlar bilan ta’minlash, bo‘lajak huquqshunoslarga jahon andozalari darajasida ta’lim berish va ularning malakasini oshirib borish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Birinchi Prezidentimizning 2013-yil 28-iyundagi «Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida yuridik fanlarni o‘qitish tizimi tubdan takomillashtirilib, nazariyaning amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash maqsadida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tajribali xodimlari talabalar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishga jalb qilinmoqda. Bu amaliyot o‘z samarasini bermoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida ham mazkur islohotlarni yanada izchil davom ettirishga doir aniq va ustuvor vazifalar belgilangan.
Tadbirda talabalarga prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, Bosh prokuraturaning oliy ta’lim muassasalari bilan yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorligi, prokuratura organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini muvofiqlashtirish borasidagi roli, sudlarda ishlar ko‘rilishida prokuror vakolatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Bosh prokuraturaning jinoiy sudlov ish yurituvi borasidagi halqaro hamkorligi, prokuratura organlarining qonunchilikni targ‘ib qilish va huquqbuzarliklarning profilaktikasi bo‘yicha faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashning yanada samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Toshkent davlat yuridik, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetlari o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Ushbu hujjatga muvofiq talaba-yoshlar prokuratura organlarida malaka oshirib, amaliyot o‘taydi, soha xodimlari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan turli konferensiyalar, davra suhbatlari, uchrashuv va tanlovlarda qatnashadi.
– Memorandumning imzolanishi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar uchun nazariy bilimlarini amaliyotda yanada mustahkamlash imkonini beradi, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti Sapargul Utemuratova. – Bu kabi sa’y-harakatlar yosh huquqshunoslarning huquqni qo‘llash, tahliliy fikrlash qobiliyatini rivojlantirib, soha bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini boyitishga, mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmasini oshirishga xizmat qiladi. Bunday hamkorlik o‘zining ijobiy samarasini berishiga ishonamiz.