O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandliklar – chempion
2017-04-20 | Sport
Namanganda 1998-2000 yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida gandbol bo‘yicha mamlakat chempionati bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston gandbol federatsiyasi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Andijon, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridan 8 jamoa bahslashdi.
Viloyat markazidagi sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘tkazilgan musobaqada Nukus jamoasini 33:26, surxondaryolik tengdoshlarini 30:23 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan namanganlik yoshlar guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi. Andijon viloyati jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Hal qiluvchi uchrashuvda andijonlik gandbolchilardan 29:27 hisobida ustun kelgan Samarqand viloyati terma jamoasi chempion bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati jamoasini 23:21 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan namanganlik qizlar bronza medali bilan taqdirlandi.
Chempion bo‘lgan Samarqand viloyati jamoasi safida eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan kasb-hunar kollejlarining bitiruvchi qizlariga mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli kirish huquqini beruvchi yo‘llanmalar berildi.