O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yuzma-yuz muloqotlardan aholi mamnun
2017-04-19 | Jamiyat
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi a’zolari Sayxunobod tumanida bir qator mahallalar fuqarolari bilan muloqot o‘tkazdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, partiya markaziy kengashi mas’ul xodimlari, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati va Sayxunobod tumani Kengashlaridagi partiya guruhi a’zolari, viloyat sog‘liqni saqlash, mehnat boshqarmalari, banklar, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Deputatlar “Xalq salomatligi – oliy qadriyat”, “Xalq bilan muloqot – ijtimoiy muammolarni hal etishning eng samarali yo‘li” loyihalari doirasida Ittifoq, Paxtakor, Nurobod va Gulbuloq mahallalarida bo‘ldi.
– Mazkur loyihalar Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan xalq bilan muloqot qilish, fuqarolarning dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini o‘rganish, ularni ijobiy hal etish kabi muhim masalalarga yechim topishga xizmat qiladi, – deydi partiya viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi A.Tursunboyev. – Shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harkatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosida partiya ishtirokini kengaytirishdir.
“Xalq salomatligi – oliy qadriyat” loyihasi doirasida Sayxunobod tumanining Ittifoq mahallasida kam ta’minlangan oilalar vakillari, onalar va bolalar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– 6 oylik nabiram kichik nuqson bilan tug‘ilgan, shuning uchun tez-tez shifokorlar ko‘rigida bo‘lib turamiz, – deydi Ittifoq mahallasida yashovchi Zamira Ro‘ziqulova. – Baraka topishsin, shifokorlarning zarur muolajalari tufayli nabiramning salomatligi yaxshilanmoqda. Aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
Guruh vakillari Ittifoq, Paxtakor, Nurobod, Gulbuloq mahallalaridagi kam ta’minlangan oilalar, nogironlar, ijtimoiy yordamga muhtoj keksalar holidan xabar oldi, sovg‘alar ulashdi. Muloqotlarda iqtisodiy infratuzilma va tadbirkorlikni rivojlantirish, moliya-kredit muassasalari ishini samarali tashkil etish, qishloq aholisiga tibbiy, maishiy va savdo xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ijrosini o‘rganish hamda aholining talab va takliflaridan kelib chiqadigan vazifalarni belgilab olish kelgusi faoliyatimizda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Z.Akromova. – Tumandagi to‘rt mahallada bo‘lib, odamlar fikri va ehtiyojini o‘rgandik. Muloqotlarda ko‘tarilgan ko‘pgina masalalarga joyida yechim topildi.
“Paxtakor” qishloq fuqarolar yig‘inida bo‘lgan muloqot davomida bir xonadonning maishiy-ijtimoiy muammolari o‘rganildi. Unda xonadon egasi, ikkinchi guruh nogironi Rahim Umarovning kasb-hunar kollejini bitirgan o‘g‘li Sobirjon vaqtincha ishsizligi sababli unga oilasida chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun tijorat bankidan kredit ajratilishiga ko‘maklashildi.
– Uyimizga sovg‘a yuborgan Prezidentimizdan behad minnatdormiz, – deb duo qildi Nurobod mahallasida yashovchi 91 yoshli Mamasoli Parpiyev. – Tibbiyot xodimlari kunda-kunora salomatligimdan xabardor bo‘lib turibdi. Ularning ham qo‘llari dard ko‘rmasin. Ilgari davlat idoralari vakillari uyimizga kelib hol so‘rashini, dardu tashvishimizni eshitishi, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashi, muammolarimizga yechim topishini xayolimizga ham keltirmagan ekanmiz. Xalqning ayni ko‘nglidagi gaplarni amalda joriy qilayotgan davlatimiz rahbaridan juda xursandmiz.
Mamasoli otaning hovlisi obod va ozoda. Farzandlari tomorqaga ekkan kartoshka, sabzi, piyoz va boshqa sabzavotlar ko‘m-ko‘k bo‘lib yashnab turibdi. Xonadon sohiblari pomidor va bulg‘or qalampiri, qalampir, bodring va boshqa mahsulotlar niholini qadash, urug‘ini sepish bilan band.
– Otam barchamizni bo‘sh vaqtda tomorqada ishlashga undaydi, – deydi qizi Yulduz Parpiyeva. – Ro‘zg‘or uchun un, go‘sht va turli shirinliklardan bo‘lak hech narsa xarid qilmaymiz. Xudoga shukr, sut, qatiq, sabzavot, turli mevalar, poliz mahsulotlarini tomorqamizda yetishtiramiz. Birovdan kam joyimiz yo‘q, hayotimizdan mamnunmiz.
Kunning ikkinchi yarmida Sayxunobod tumani Gulbuloq mahallasida guruh vakillari ishtirokida aholi bilan muloqot tashkil etildi. Dastlab kam ta’minlangan fuqarolar o‘rtasida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalari yuzasidan shifokorlarning yakuniy axboroti tinglandi. Sog‘liqni saqlash sohasidagi mavjud muammolar, takliflar mutasaddilarga taqdim etilib, deputatlar nazorati o‘rnatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda imkoniyati cheklangan insonlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, shifoxona va sanatoriyalarda davolanishi, tibbiy protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlanishiga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Muloqotlar chog‘ida har bir tashkilot rahbari o‘z oldiga qo‘yilgan vazifa va rejalar to‘g‘risida axborot berdi. Mavjud muammolar bo‘yicha savollarga atroflicha javob qaytardi.
Loyihalar doirasida ko‘chma “Jamoatchilik qabulxonasi” tashkil etilib, unda fuqarolar Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan qabul qilindi. Ko‘tarilgan ijtimoiy ahamiyatga molik muammo va masalalar partiya fraksiyasi orqali tegishli vazirlik va idoralarga yetkaziladigan bo‘ldi.