O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Intellektual mulk – muhofazada

2017-04-18 | Jamiyat

Har bir davlat, xalqning jahonda tutgan o‘rni va nufuzi, avvalo, uning intellektual boyligiga qarab belgilanadi. Bu jihatdan xalqimiz koinot sirini ochgan Mirzo Ulug‘bek, algebra faniga asos solgan Xorazmiy, tib ilmining sultoni Ibn Sino kabi buyuk allomalari bilan ma’lum va mashhur. Dunyoga ilmu ma’rifat bilan birga adolat, ezgulik urug‘ini sochgan daholarimiz ko‘pligi bilan ham tuprog‘imiz muqaddas.

Ana shunday boy merosdan bahramand bugungi avlod ham ilmu hunar egallash borasida doimo izlanishda. O‘sib kelayotgan yosh avlodning kamolini ta’minlash, intellektual jihatdan yetuk bo‘lishiga davlatimiz tomonidan doimiy e’tibor qaratilayotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi shu maqsadga xizmat qilmoqda. Zero, mazkur hujjatda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlarini puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etish zarurligiga e’tibor qaratilgan. 

Mamlakatimizda ajdodlardan meros bebaho ma’naviy xazina va madaniy yodgorliklar qayta tiklanib, xalqimizga yetkazilishi bilan bir qatorda zamondosh ijodkorlar, ixtirochilar erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘zbekiston jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida ushbu yo‘nalishda xalqaro integratsiyani izchil yo‘lga qo‘ygani mualliflar huquqlarini himoya qilishda muhim omil bo‘layotir. Jumladan, mamlakatimiz 1991-yilda Jahon intellektual mulk tashkiloti a’zoligiga qabul qilingan bo‘lsa, 2005-yil 19-apreldan Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasi qoidalari O‘zbekistonda amal qila boshladi. 

Bern konvensiyasi fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish va ulardan foydalanish natijasida kelib chiqadigan munosabatlarni tartibga solish, mualliflar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjatdir. Mamlakatimizning mazkur konvensiyaga qo‘shilishi mualliflar va ularga tenglashtirilgan boshqa huquq egalariga katta imkoniyatlar yaratdi. Ayni paytda mualliflarimiz asarlaridan konvensiyaga a’zo 170 dan ortiq davlat hududida tegishli huquqlarga rioya etilgan holda foydalanilmoqda. 

Bern konvensiyasi a’zo davlatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki uning qoidalarini sohaga oid milliy qonunchilikda aks ettirish orqali qo‘llaniladi. O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunida mualliflar manfaatlari o‘z ifodasini topgan. Qonunga muvofiq, muallif huquqi buzilganda uning tiklanishini va yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining ruxsatsiz takrorlanishi yoki tarqatilishi kontrafakt nusxa hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar izchil himoya qilinmoqda. Bu borada vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda monitoring yuritilayotir. 2016-yilda intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 878, joriy yilning birinchi choragida 222 holat aniqlangan. Qonunbuzilish holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli idoralarga yuborilgan. 

Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishda bojxona organlari xodimlari ham izchil faoliyat yuritayotir. Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestri yuritilmoqda. Mazkur reyestrga kiritilgan huquq egasi bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish bo‘yicha choralar ko‘rilishi bo‘yicha murojaat qilishi mumkin. Bojxona nazoratida huquq egasi tomonidan kontrafakt deb ko‘rsatilgan tovarlar aniqlansa, bunday tovarlarning chiqarilishi to‘xtatiladi. 

Bojxonachilar tomonidan sifatsiz, litsenziyalanmagan, kontrafakt tarzda ko‘paytirilgan DVD va SD disklar sotilishining oldini olish doimiy e’tiborda. Jumladan, Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Jizzax tumani hududida yashovchi J.Soatovning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, u o‘z uyida har xil filmlar, klip, konsert hamda qo‘shiqlarni qo‘lbola usulda har xil formatdagi disklarga yozish va sotish bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi. Tezkor tadbir davomida 3 mingdan ziyod kontrafakt disk ashyoviy dalil sifatida olindi. 

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda Yangiyer shahrida o‘tkazilgan «nazorat xarid» tezkor tadbiri davomida A.Jamolov behayo mazmundagi disklarni sotayotgan paytda to‘xtatib qolindi. Voqea joyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda mingdan ziyod disk ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. 

2017-yilning o‘tgan davri mobaynida bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda 8,5 ming donadan ortiq turli film va konsertlar yozilgan, sifati kafolatlanmagan kontrafakt disklarning yashirin olib o‘tilishi va aylanmasiga chek qo‘yilgan. 

 
Norgul Abduraimova, O‘zA

Manba: O'zA

Поделиться