O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shashka ustalari Toshkentda bahslashmoqda
2017-04-18 | Sport
Poytaxtimizda 64 va 100 katakli shashka bo‘yicha bolalar, o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, mamlakatimiz shashka federatsiyasi, Osiyo shashka konfederatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada o‘ndan ziyod davlatdan ikki yuzga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahslashmoqda.
Musobaqaning ochilishida mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni sog‘lom va barkamol, yuksak intellektual salohiyatli insonlar etib voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Buning samarasida yoshlar o‘rtasida shashka ham keng ommalashib, qit’a va jahon chempionatlari, xalqaro miqyosdagi musobaqalarda munosib qatnashayotgan sportchilar yetishib chiqmoqda, mamlakatimiz mazkur sport turi bo‘yicha nufuzli chempionatlarga mezbonlik qilmoqda.
Jumladan, 2013 va 2015-yillarda poytaxtimizda Osiyo chempionati tashkil etilgani buning isbotidir. 2013-yilgi chempionatda terma jamoamiz a’zolari 15 oltin, 12 kumush va 15 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. 2015-yilgi musobaqalarda sportchilarimiz 34 oltin, 27 kumush, 24 bronza medalni qo‘lga kiritib, Osiyoda tengsiz ekanini yana bir marta isbotladi.
Bu yilgi chempionatda Abduqodir Toshtemirov, Alisher Ortiqov, Samandar Kalonov, Sayyora Yo‘ldosheva kabi tajribali shashka ustalari bilan birga yosh iqtidor egalari mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda.