O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Yoshlik bahori": izlanish va muloqot maydoni
2017-04-18 | Madaniyat
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag‘ishlab "Yoshlik bahori" yosh opera ijrochilarining respublika ko‘rik-festivali tashkil etildi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida ushbu ko‘rik-festival g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi va gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Unga turli vazirlik va idoralar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari taklif etildi.
Mamlakatimizda musiqa san’atining barcha janrlarini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi ta’lim tizimini zamon ruhiga uyg‘un tarzda takomillashtirish, yosh avlod iste’dodini erta aniqlash, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalasi doimiy e’tiborda. Bunday e’tibor yoshlarning musiqa san’atining bebaho namunalarini maktab davridanoq o‘rganishi, iste’dodlar safini kengaytirish, ularning qobiliyatini erta va to‘g‘ri shakllantirib borishda muhim omil bo‘lmoqda.
To‘rtinchi marta o‘tkazilgan "Yoshlik bahori" ko‘rik-festivali opera muxlislarining yanada ortishi, musiqaning mazkur yo‘nalishini tobora rivojlantirishdek maqsadlarga xizmat qilmoqda.
– O‘zbekiston davlat konservatoriyasida akademik xonandalik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan yoshlar bilan birga mamlakatimizning turli hududlaridagi san’at kollejlari, ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylarining o‘quvchilari, musiqa ta’limi bo‘yicha endigina faoliyat boshlagan yosh pedagoglar mazkur musiqa anjumanida o‘z mahorat va iste’dodini birdek sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi, – deydi Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi 41-umumta’lim maktabining musiqa fani o‘qituvchisi Sobirxo‘ja Botirov. – "Yoshlik bahori" ko‘rik-festivali poytaxtimizdagi yetakchi san’at maskanlarining sahnalarida o‘z ijodiy izlanishlarimizni namoyish etish, yosh operachilar ijrosi bilan tanishish uchun muloqot maydoni vazifasini o‘tadi.
Ko‘rik-festivalda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrining stajyori Shuhrat Choriyev birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Sirdaryolik Sobirxo‘ja Botirov ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasining talabasi Birdonaxon Matkarimovaga uchinchi o‘rin nasib etdi. Bir guruh yosh opera ijrochilari turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.
Gala-konsertda mamlakatimiz va xalqaro tanlovlarning sovrindorlari ijrosida O‘zbekiston va jahon kompozitorlarining asarlaridan namunalar ijro etildi.