O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tojikistonda O‘zbekiston milliy ko‘rgazmasi boshlandi
2017-04-18 | Iqtisodiyot
Mamlakatimiz barcha qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. 17-aprel kuni Tojikiston poytaxtida O‘zbekiston Respublikasi sanoat korxonalari mahsulotlarining milliy ko‘rgazmasi ochildi.
Bu haqda 2016-yil 27-28-dekabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning to‘rtinchi majlisi yakunlari bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy va eksport salohiyati, investitsiya siyosati bilan Tojikiston Respublikasi ishbilarmon doira vakillarini tanishtirish, xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi va turizm sohasi rivoji to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida ushbu ko‘rgazmaga puxta hozirlik ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-apreldagi farmoyishiga muvofiq ko‘rgazmani tashkil etish uchun mahsulotlar, ekspozitsiya materiallari va zarur jihozlar yetkazib berildi.
Ko‘rgazmada 160 dan ziyod kompaniya mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan 1 ming 500 turdagi mahsulotni namoyish etmoqda.
Dushanbe shahridagi "Poytaxt – 90" savdo markazi hududidagi 2 ming kvadrat metr maydonda elektrotexnika, kabel, farmatsevtika, santexnika, to‘qimachilik, charm mahsulotlari, o‘quv-laboratoriya uskunalari, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, chinni buyum va idishlar, parfyumeriya va boshqa mahsulotlar namoyish etilmoqda.
1000 kvadrat metr ochiq maydonda qishloq xo‘jaligi texnikasi va turli osma uskunalar, yengil va yuk avtomobillari, yo‘lovchi avtobuslari taqdim etilgan.
Tadbir doirasida tashkil qilinadigan biznes-forum va seminarlarda O‘zbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralarining 500 dan ortiq vakili qatnashib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama etadi. Bu ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish va tashqi savdo hajmini oshirishda muhim ahamiyatga egadir.
Ko‘rgazma-yarmarka ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mahsulotlar turlarini ko‘paytirish va o‘zaro serqirra hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.