O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston eksport salohiyati yuksalmoqda

2017-04-14 | Iqtisodiyot

Mamlakatimizning barcha hududlarida sanoat korxonalarini tashkil etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotning barqaror sur’atlar bilan o‘sishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga oid qabul qilingan farmon va qarorlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini yanada kengaytirishi va ishlab chiqarishni samarali tashkil etishi yo‘lida keng imkoniyatlarni ochib bermoqda. Amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida mamlakatimizning eksport salohiyati izchil yuksalib bormoqda. “Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar jahon bozorida keng o‘rin egallamoqda. Xususiy tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlarini eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Bugun kichik biznes korxonalari oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, kundalik ehtiyoj mollari, qurilish materiallari, kiyim-kechaklar kabi keng turdagi tovarlarni ishlab chiqarmoqda va tashqi bozorlarga eksport qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ularning tovar va xizmatlarini tashqi bozorga chiqarishda yaqindan ko‘maklashmoqda. 

Mazkur jamg‘arma joriy yilning birinchi choragi yakuni bo‘yicha 627 tadbirkorlik subyektiga mahsulot va xizmatlarni eksport qilishda tashkiliy, huquqiy va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatdi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida umumiy qiymati 642 million AQSh dollariga teng eksport shartnomalari imzolanib, ular doirasida 280 tadbirkor 270 million dollarlik mahsulotlarini eksport qildi. Jamg‘arma ko‘magida amalga oshirilgan eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga ko‘paydi. 

Joriy yilning birinchi choragida ushbu jamg‘arma tomonidan ellikdan ortiq tadbirkorlik subyektlariga Germaniya, Rossiya va Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishda yordam ko‘rsatildi. Bu tadbirlarda 117,8 million dollarlik eksport kelishuvlari imzolandi. Ular doirasida qariyb 6 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Joriy yilning yanvar oyida Berlinda bo‘lib o‘tgan “Yashil hafta – 2017” xalqaro ko‘rgazmasida jamg‘arma yuzdan ortiq tadbirkorning tijorat takliflari bilan ishtirok etgan holda jami 16,8 million dollarlik eksport shartnomalarini imzolashda ko‘maklashdi. Moskvada fevral oyida o‘tkazilgan “Prodekspo – 2017” oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasida 75 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi. 

Qozog‘istonning Ostona shahrida 22-23-mart kunlari tashkil etilgan O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan yuzdan ortiq tadbirkor mahsulotlari namoyishi o‘tkazildi. Ko‘rgazma yakuni bo‘yicha Qozog‘iston bozoriga to‘qimachilik, meva-sabzavot, oziq-ovqat, mebel va qurilish materiallarini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 24,4 million dollarlik 18 eksport kelishuvi imzolandi. 

Germaniyaning Drezden shahrida joriy yilning 6-martida jamg‘armaning Germaniyadagi vakolatxonasi tomonidan Saksoniya iqtisodiyot vazirligi qoshidagi Iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Tyuringiya va Saksoniya Savdo-sanoat palatalari hamkorligida “O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan imkoniyatlar” mavzuida seminar tashkil etildi. Unda Germaniyaning O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik o‘rnatish istagida bo‘lgan qirqdan ziyod korxona vakillari ishtirok etdi. 

– Germaniyalik ishbilarmonlarning O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatishga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda, – dedi Saksoniyaning iqtisodiyotga ko‘maklashish boshqarmasi boshlig‘i Peter Notnagel. – O‘zbekiston ko‘plab sohalarda, ayniqsa, savdo va iqtisodiyotda ulkan salohiyatga ega mamlakat. Biz savdo, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, texnika va texnologiyalar sohasida uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatishga tayyormiz. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining eksportoldi moliyalashtirish va ishonchli hamkor topish bo‘yicha xizmatlari bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur jamg‘armaning Germaniyadagi vakolatxonasi bilan Germaniya bozoriga ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish istagidamiz. 

Bugungi kunda jamg‘arma tomonidan joriy yilning 19-21-aprel kunlari Sankt-Peterburg shahrida o‘tkaziladigan “InterFood” xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasida tadbirkorlarimizning ishtirokini ta’minlash ishlari olib borilmoqda. 

Mamlakatimizdagi har bir hududning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ta’sischiligida 85 agrofirma tashkil etilgan. O‘tgan davrda mazkur agrofirmalar tomonidan qariyb 130 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi. 

O‘zbekistonda eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga qaratilgan qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jamg‘arma tomonidan 2017-yilda 374 million dollarlik 776 loyihani amalga oshirish maqsadida tadbirkorlarimizga biznes-reja va boshqa hujjatlarni tayyorlash va bankka topshirishda ko‘maklashish rejalashtirilgan. Yanvar-mart oylarida 12 million 642 ming dollarlik va 35 milliard 579 million so‘mlik 63 loyiha moliyalashtirildi. 

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish maqsadida jamg‘arma tomonidan joriy yil 3-8-mart kunlari “Daejin Chemical” korxonasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi tashkil qilindi. “Daejin Chemical” va “Navoiy” erkin iqtisodiy zona direksiyasi o‘rtasida mazkur zonada kosmetika vositalari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish hamda bu mahsulotlarni MDH davlatlari bozorlariga eksport qilishni nazarda tutuvchi Anglashuv memorandumi imzolandi. 

Birinchi Prezidentimizning 2016-yil 16-martdagi «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan jamg‘arma Rossiya, Koreya Respublikasi, Italiya, Bolgariya, Shveytsariya, Germaniya va Ispaniyada o‘z vakolatxonalarini ochgan. Ularning asosiy vazifasi marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, xaridorlar topish, mahalliy brendlarning ushbu mamlakatlarda reklamasini ta’minlash, ko‘rgazma, yarmarka, tender savdolari va boshqa tadbirlarda tadbirkorlarning ishtirokini tashkillashtirish, O‘zbekistonga xorijiy importyorlarning tashrifini tashkil etish, xorijiy mamlakatlarning qonunchiligiga muvofiq talab etiladigan sertifikat va litsenziyalarni olishda ko‘maklashishdan iboratdir. 

Bir so‘z bilan aytganda, jamg‘arma tadbirkorlarni tashqi bozor xatarlaridan ishonchli himoyalash, mahsulot turlarini tahlil etish, ularning tashqi bozordagi raqobatbardoshlik darajasini aniqlash va oshirish, xorijdan ishonchli hamkorlar topish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishga kamarbastadir. 

 
Nodira Manzurova, O‘zA

Поделиться