O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 14-aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
Samarqand viloyati rivojlangan sanoati va qishloq xo‘jaligi, tabiiy boyliklari, ulkan sayyohlik salohiyati bilan mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida muhim o‘rin tutadi.
Jahondagi eng yuksak standartlar asosida jihozlangan Samarqand avtomobil zavodi, “JV Man Auto Uzbekistan” qo‘shma korxonasida o‘nlab turdagi mashinalar ishlab chiqarilmoqda. “British-Amerikan tobakko”, “Sam Antep Gilam”, "UrgGazKarpet", “Amin Invest”, "Daka Teks", “Agromir Samarqand” qo‘shma korxonalari, "Sino", "Samarqandkimyo" aksiyadorlik jamiyatlari, “Sharq sanoati” xususiy konserni singari yirik ishlab chiqarish quvvatlari viloyatning iqtisodiy rivojiga muhim hissa qo‘shmoqda.
2016-yilda yana 19 qo‘shma korxona tashkil etilgan va viloyat bo‘yicha ularning soni 263 taga yetgan. Viloyatning tashqi savdo aylanmasi 1 milliard 195 million dollarni tashkil etgan. Eksport hajmi 2015-yilga nisbatan qariyb 1,5 barobar oshgan.
Bu ko‘rsatkichlar Samarqandning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotida ham namoyon bo‘lmoqda. 2016-yilda yalpi hududiy mahsulot 8,7 foiz o‘sgani shundan dalolat beradi.
Azaldan hunarmandlik va ishbilarmonlik fazilatlari bilan dong taratgan samarqandliklar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ham muhim natijalarga erishib kelmoqda. Ayni paytda viloyatda mazkur sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 78 foizdan oshgani va mehnat bilan band aholining 84 foizdan ziyodi shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgani e’tiborga loyiq.
Viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish va modernizatsiyalash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2016-yilda 2838 ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, 9079 gektar maydonda intensiv bog‘ va 1000 gektar yerda tokzor tashkil etilgan. Ushbu sohada 11 ming 349 ish o‘rni yaratilgan.
Bugungi kunda sabzavotning 33 foizi, mevaning 38 foizi, sutning 34 foizi, go‘shtning 27 foizi viloyatdagi mahalliy korxonalarda qayta ishlanmoqda. Bunday o‘sish sur’atlari odamlarning turmush sharoitida, viloyatdagi shahar va qishloqlar qiyofasida namoyon bo‘lmoqda.
Turizm Samarqand viloyati iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Viloyatda turistik resurslardan oqilona foydalanish, ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini zamon talablariga moslashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli bugungi kunda Samarqandda yuzdan ortiq mehmonxona va 80 dan ortiq sayyohlik firmasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yildan-yilga ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamon talablari darajasida yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaymoqda.
Sayyohlikning ekologik, sog‘lomlashtirish, agro va faol turlarini rivojlantirish, ichki turizmni qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat tumanlarida yangi sayyohlik yo‘nalishlari ochilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, viloyatni har tomonlama rivojlantirish, aholi manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha ulkan reja va maqsadlarni bayon etgan edi. Prezidentimizning Samarqandga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.
Anvar Samadov, G‘olib Hasanov, O‘zA