O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ishlab chiqaruvchi va buyurtmachi hamkorligi
2017-04-13 | Iqtisodiyot
Termizda hududiy sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yilda xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda 220 yirik va kichik ishlab chiqarish korxonasi 400 ga yaqin turdagi mahsulotlarini namoyish etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda xususiy sektorni yanada rivojlantirish, mahalliy xomashyo asosida raqobatbardosh va eksportbop tayyor mahsulotlar, butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Ushbu an’anaviy xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ham xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning buyurtmalar portfelini shakllantirish, mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzishiga qulay imkoniyat yaratmoqda. Tovar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida ichki va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish orqali ularni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
O‘tgan yili Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 641 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 1 ming 825 loyiha amalga oshirildi, 17 ming 183 yangi ish o‘rni yaratildi. Viloyat yalpi hududiy mahsulotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ulushi 75,3 foizni tashkil etdi.
Termiz shahridagi “Lola Imkon Baraka” xususiy korxonasida trikotaj mahsulotlari, Boysun tumanidagi “Sanoatagroinvestsavdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatida gipsokarton, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘on barakali yog‘” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘simlik yog‘i, xo‘jalik sovuni, Termiz tumanidagi “Gold Drayd Frutis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida meva-sabzavotni qayta ishlash, Sho‘rchi tumanidagi “Sirojiddin Maxsum” xususiy korxonasida ayollar uchun zamonaviy liboslar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Ko‘rgazmada Termiz shahridagi “Inter Silk Pro” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ipak tolasidan to‘qilayotgan ip-kalava, “Sanjar Surxon” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ko‘rpa-yostiq, choyshab, ish kiyimi va boshqa tikuvchilik mahsulotlari, “Surxon Termiz chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyatining chinni buyumlari, "Saidjon Muhammadjon muzqaymoqlari" mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan 34 turdagi muzqaymoq, Boysun tumanidagi “GRAND WORK” oilaviy korxonasining zamonaviy mebellari, shuningdek, turli tayyor qurilishbop materiallar, charm-poyabzal buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari buyurtmachilarda ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otdi.
– Zamonaviy jihozlangan korxonamizda 40 xotin-qiz mehnat qilmoqda, – deydi Boysun tumanidagi “Umid” xususiy korxonasi rahbari Ne’mat Abdullayev. – Yarmarkada import o‘rnini bosuvchi 15 turdagi to‘qimachilik va 20 dan ortiq turdagi tikuvchilik mahsulotlari bilan qatnashdik. Yangi hamkorlar bilan bir qator o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzdik. Bu tadbir biz, tadbirkorlarga mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.
Yarmarka doirasida viloyatdagi tashkilotlar, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar mahsulot xarid qilish bo‘yicha 41 milliard so‘mlikdan ortiq shartnomalar imzoladi.