O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Chilonzor tumanining yo‘llari to‘liq ta’mirlanadi
2017-04-13 | Siyosat
Bugun mamlakatimizda, ayniqsa, poytaxtimizda transport vositalari ko‘payib bormoqda. Bu odamlarimizning turmush darajasi yuksalayotgani, yurtimiz yildan-yilga farovonlashayotganining isbotidir. Zero, keng ko‘lamli islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham aholi turmush darajasini oshirish, inson manfaatlarini to‘la ta’minlashdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash loyihasi bilan tanishdi. Loyihaga ko‘ra 2017-2018-yillarda tumandagi barcha ichki yo‘llar to‘liq ta’mirlanadi.
Davlatimiz rahbari loyiha bilan tanishar ekan, yo‘llarning sifati va zamonaviyligiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Katta bino va inshootlar, bozor hududlariga yaqin masofalarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari yetishmasligi muayyan noqulayliklar tug‘dirayotganligini ko‘rsatmoqda. Prezidentimizga katta bino va inshootlar oldida maxsus avtoturarjoylar loyihasi haqida axborot berildi.
Unga ko‘ra binolar yonida avtomobillar uchun mo‘ljallangan uch va to‘rt qavatli avtoturarjoylar qurilishi rejalashtirilgan. Bu yo‘llardagi tirbandliklarning oldini olish, haydovchilar va piyodalar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz yo‘llarni yaxshilash bilan birga, avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarini ham zamonaviy talablar darajasida bunyod etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.