O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqqa xizmat qilish, odamlarning manfaatlarini ta’minlash – rahbarlar faoliyatining asosiy mezonidir
2017-04-13 | Siyosat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar ijrosi, ijtimoiy obyektlar faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi poytaxtimizda ham sanoatni jadal rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishida erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha ulkan maqsad va vazifalar belgilangan. Prezidentimiz rahnamoligida bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 3-fevral va 25-mart kunlari Toshkent shahridagi sanoat obyektlariga tashrif buyurib, ulardan samarali foydalanish, korxona va tadbirkorlarning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bugungi kunda ushbu obyektlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilmoqda.
Davlatimiz rahbari ana shunday sanoat hududlaridan biri – Chilonzor tumanidagi “Rele va avtomatika” aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi. Zavodning umumiy yer maydoni 3,91 gektar, ishlab chiqarish maydoni 2,26 gektar. Bu yerda yuzga yaqin turdagi metall va plastmassa buyumlar, past kuchlanishli qurilmalar tayyorlanmoqda, shu yo‘nalishda xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Hududda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish uchun yaxshi imkoniyat, zarur infratuzilma mavjud.
Aksiyadorlik jamiyati hududida kichik sanoat zonasi tashkil etilib, 2017-2018-yillarda 10 investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularga muvofiq bu yerda to‘qimachilik va qadoqlash mahsulotlari, kassa va terminal uchun qog‘ozlar, gidravlika moylari, plastik truba va fitinglar, mebel, akril va kanselariya tovarlari ishlab chiqarish mo‘ljallangan.
Masalan, "Sirdaryo-qurilish-montaj" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bu yerda yiliga 23-24 million dona qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Polipropilendan tayyorlanadigan, kimyo, oziq-ovqat, to‘qimachilik va qurilish sanoatida qo‘llaniladigan bu mahsulotlarning 70 foizi ichki, 30 foizi tashqi bozorga yetkazib beriladi. Korxonada 55 ish o‘rni yaratiladi.
"Milk impeks" mas’uliyati cheklangan jamiyati bu yerda meva-sabzavotlarni qayta ishlash, quritish va qadoqlash korxonasi tashkil etishni rejalashtirmoqda. Korxonada yiliga 500 tonna meva-sabzavot qayta ishlanadi, 30 ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari ushbu hududda eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi “Roison Home White Goods” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasiga tashrif buyurdi.
Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sohada yangi bosqichni, yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Sobiq "Algoritm" zavodi hududida faoliyat yuritayotgan biznes subyektlari bunga misol. Hozir bu yerda 50 dan ortiq tadbirkorlik subyekti maishiy texnikalar, to‘qimachilik va kimyo sanoati mahsulotlari, mebel, qog‘oz buyumlar, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallni qayta ishlash bilan shug‘ullanmoqda. Ushbu korxonalarda mingdan ziyod ishchi mehnat qilmoqda.
“Roison Home White Goods” qo‘shma korxonasining umumiy yer maydoni qariyb 23 gektar, bino va inshootlar maydoni 9,7 gektar.
Shu yerning o‘zida Chilonzor tumanida amalga oshiriladigan 20 dan ortiq iqtisodiy loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. "1-Zargarlik korxonasi" loyihasi ulardan biri. Qiymati 10 milliard so‘m bo‘lgan ushbu korxonada yiliga 13 milliard so‘mlik zargarlik buyumlari ishlab chiqariladi, 100 ish o‘rni yaratiladi.
Sut mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 9 milliard so‘m. Bu yerda zamonaviy texnologiya asosida yiliga 1 ming 150 tonnadan sut va kefir, 400 tonna yogurt, 100 tonnadan smetana va pishloq, 80 tonna tvorog va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Yuzdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi.
Chilonzor tumanidagi eski 2-poyabzal fabrikasi hududida ayollar, erkaklar va bolalar oyoq kiyimlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Qiymati 3 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha yiliga 10 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Mahsulotlarni eksportga chiqarish ham mo‘ljallanmoqda.
Bu yerda qandolat mahsulotlari, qadoqlash va qurilish materiallari, avtomobillar uchun texnik moy ishlab chiqarish, "Sovplastital" aksiyadorlik jamiyati hududida kichik sanoat zonasi tashkil etish, yurak kasalliklarini davolash markazi, mediamarket va savdo majmuasi qurish loyihalari ham namoyish etildi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanib, mahsulotlar sifatini oshirish, korxonalarning xorijiy hamkorlar topishiga ko‘maklashish va eksport faoliyatini yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Mutasaddi rahbarlarga tadbirkorlik faoliyatini keng qo‘llab-quvvatlash, investitsiya jalb qilish va kreditlar ajratish, eksportni rag‘batlantirish kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Katta Xirmontepa” va “Yakkatut” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘ldi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarishning chinakam xalqona instituti sifatida jamiyatimizdan mustahkam o‘rin egallagan. Bu xalq bilan muloqot qilish va inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ezgu vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Katta Xirmontepa mahallasida asosan ko‘p qavatli uylar joylashgan. Davlatimiz rahbari mahalla hududi bilan tanishdi. Ko‘p qavatli uylar, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar atrofini obodonlashtirish, yo‘laklarni ta’mirlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Maktab – ta’lim-tarbiya maskani. Bu joydagi obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratish zarur, dedi Prezidentimiz. Ta’lim muassasalari oldida doimo gul ekilgan, saranjom-sarishta bo‘lishi kerak.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda yashovchi aholi xonadonlarida bo‘lib, ular bilan suhbatlashdi.
Yakkatut mahallasida ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi, ikkita maktab, ikkita kollej faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimiz mazkur mahalla hayoti bilan tanishdi, xalq bilan muloqot qildi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan namunaviy mahalla markazlari loyihalari haqida axborot berildi.
Joriy yilning mart oyida Prezidentimiz Yunusobod tumani Uvaysiy nomidagi mahallada bo‘lib, fuqarolar yig‘ini xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishar ekan, poytaxtimiz, qolaversa, mamlakatimizning barcha hududlarida mana shunday mahalla markazlarini bunyod etish haqida ko‘rsatmalar berdi.
Mahallalar o‘z zimmasidagi vazifalarni samarali bajarishi uchun huquqiy asoslar bilan birga, yetarli shart-sharoitlarga ham ega bo‘lmog‘i lozim, dedi Prezidentimiz.
Taklif etilayotgan yangi mahalla markazlari loyihasida mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bu xalqimizga xos hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Profilaktika inspektori o‘zi ishlaydigan mahalla hududida yashashi lozim. Bu profilaktika inspektori mahalladagi har bir xonadon bilan yaqin muloqot o‘rnatishi, ko‘chalar va jamoat joylarini qat’iy nazoratga olishida muhim ahamiyatga ega.
Profilaktika inspektorlarini xizmat uylari, imtiyozli kreditlar hisobiga mashinalar bilan ta’minlash, ularning yashashi va samarali ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.
Mahalla markazlarida choyxona, novvoyxona, "Go‘zallik saloni", do‘konlar, sport va bolalar maydonchalari bo‘lishi odamlarning zarur ehtiyojlarini qondirish bilan birga, hududdagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Mahalla xalq bilan davlat o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. Odamlarning quvonchu tashvishidan doimo xabardor bo‘lish mahallaning asosiy vazifasidir.
Mamlakatimizda, ayniqsa, poytaxtimizda transport vositalari ko‘payib bormoqda. Bu odamlarimizning turmush darajasi oshib, yurtimiz farovonligi yildan-yilga yuksalayotgani isbotidir. Zero, keng ko‘lamli islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham aholi turmush darajasini oshirish, inson manfaatlarini to‘la ta’minlashdir.
Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash loyihasi bilan tanishdi. Loyihaga ko‘ra 2017-2018-yillarda tumandagi barcha ichki yo‘llar to‘liq ta’mirlanadi. Yo‘llarning sifati va zamonaviyligiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Katta bino va inshootlar, bozorga yaqin hududlarda avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari yetishmasligi muayyan noqulayliklar tug‘dirmoqda. Prezidentimizga barpo etiladigan maxsus avtoturarjoylar loyihasi haqida axborot berildi. Unga ko‘ra binolar yonida avtomobillar uchun mo‘ljallangan uch va to‘rt qavatli avtoturarjoylar qurilishi rejalashtirilgan. Bu yo‘llardagi tirbandliklarning oldini olish, haydovchilar va piyodalar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari yo‘llarni yaxshilash bilan birga, avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarini ham zamonaviy talablar darajasida bunyod etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri va tuman hokimlari, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, poytaxt jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning shakl va sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlari, Toshkent shahri, tuman va shaharlarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Bu barcha darajadagi davlat organlari faoliyatida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni amalda ro‘yobga chiqarish, aholi bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda aholi mazkur muassasalarga o‘zlarini qiynayotgan masalalar bilan murojaat qilayotir. Joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar fuqarolar va tadbirkorlarga o‘zlari duch kelayotgan muammolar yuzasidan tegishli sohalarga mas’ul bo‘lgan rahbarlarga bevosita murojaat qilish, ularga qisqa vaqtda yechim topish, jamiyatimizda ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirishda muhim omil bo‘layotir.
Chilonzor tumanidan Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga 16 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning atigi 1,5 mingtasi ijobiy hal qilingan.
"3-Charx Kamolon" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahodir Sultonov, ushbu mahalla profilaktika inspektori Bobomurod Abdullayev, "1-Charx Kamolon" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zubayda To‘ychiyeva, "Navbahor" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ismatilla Sobirov, Gavhar mahallasidagi "Sog‘lom kelajak" xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Ruhiya Muhamedova, 481-umumta’lim maktabi direktori Mohidil Begmatova va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan asos solingan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim xalqimizni hayotdan rozi qilish, ularning adolat va davlatga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qilayotganini, Xalq qabulxonalari 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim vositaga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda aholiga zarur sharoitlar yaratish, kommunikatsiya tizimlarini ta’mirlash, hududlarni obodonlashtirish, tadbirkorlarni qiynayotgan to‘siqlarni olib tashlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz mazkur sohalardagi kamchiliklarni bartaraf etish, istiqbolda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.