O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Chet tillarni o‘qitish takomillashmoqda
2017-04-12 | Ta’lim
Andijon davlat universitetida xorijiy tillarni o‘qitish va zamonaviy tilshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Birinchi Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan anjumanda oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, xorijiy tillar mutaxassislari, yosh olimlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida chet tillarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chet tillarni o‘qitishning kompleks tizimi yaratildi. Ta’lim jarayonida yangi pedagogik texnologiyalar keng qo‘llanilayotgani, tajribali o‘qituvchilarning ish usuli ommalashtirilayotgani yoshlarning chet tillarni o‘zlashtirish darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Anjumanda ta’limning barcha bosqichida chet tillarni uzluksiz o‘qitishni samarali yo‘lga qo‘yish, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, o‘rganilayotgan tilning lingvodidaktik hamda lingvokulturologik asoslarini puxta o‘zlashtirish, malakali mutaxassislar tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar, yutuq va kamchiliklar xususida fikr almashildi.
– Qaror ijrosi doirasida ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quv jarayonida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Andijon davlat universiteti professori Muxtor Umarxo‘jayev. – Kadrlar malakasini oshirish, xorijiy tillarni o‘qitishda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, ta’lim jarayonida innovatsion usullardan yanada samarali foydalanish dolzarb vazifalardan. Mazkur tadbir soha mutaxassislarining bu boradagi bilim va malakasini boyitishga xizmat qiladi.
Chet tillarni o‘qitishning ilmiy-amaliy yechimlariga bag‘ishlangan “Xorijiy tillarni o‘qitishda nazariya va amaliyot uyg‘unligi”, “Kognitiv tilshunoslik va tarjima nazariyasi muammolari”, “So‘roq gaplar tizimida ritorik so‘roq gaplarning lingvistik va pragmatik xususiyatlari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Kognitiv tilshunoslik hamda tarjima nazariyasi bo‘yicha sho‘balar doirasida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilarga dars jarayonida nutq ravonligiga erishish, so‘zlarni tanlash, o‘quvchini darsga qiziqtirish, adabiyotlardan to‘g‘ri foydalanish singari qator yo‘nalishlarda keng tushunchalar berildi.
Tadbir doirasida xorijiy tillar bo‘yicha talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan eng yaxshi insho, eng yaxshi maqola, eng yaxshi videorolik tanlovlari g‘oliblari taqdirlandi. Andijon davlat universiteti xorijiy tillar fakulteti talabalari tomonidan rus, ingliz, nemis va fransuz tillarida tayyorlagan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.