O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kasb-hunar bilan kelajak sari
2017-04-12 | Jamiyat
Andijonda shunday shior ostida yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Andijon viloyati hokimligi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, xalq ta’limi boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan forumda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilari, ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
– Viloyatdagi 740 umumta’lim maktabida 430 ming, 129 akademik litsey va kasb-hunar kollejida 128 ming 500 dan ziyod o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda, – deydi viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Furqat Buzrukov. – Joriy yilda 42 mingdan ziyod o‘quvchi maktabni, 41 mingdan ortiq yigit-qiz litsey va kollejlarni tamomlaydi. Bugungi tadbir 9-sinf o‘quvchilarining akademik litsey va kollejlardagi sharoitlar bilan tanishishi, kollej bitiruvchilarining ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilishiga imkoniyat yaratdi.
Ayni paytga qadar viloyatdagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bilan korxona va tashkilotlar o‘rtasida amaliyot o‘tash va ishga joylashish bo‘yicha to‘rt tomonlama shartnomalar tuzish yakuniga yetkazilmoqda. Unga ko‘ra, bitiruvchilarning aksariyati o‘z mutaxassisligi bo‘yicha turli tashkilot va korxonalarda amaliyot o‘tab, malaka oshirmoqda.
– Men to‘rt tomonlama shartnoma asosida “Agrobank”ning viloyat filialida amaliyot o‘tayapman, – deydi Andijon bank kolleji bitiruvchisi Javohir Mamasoliyev. – Malakali mutaxassislar ko‘magida soha ishini puxta o‘rganishga harakat qilayapman. Kollejni tamomlab, shu yerda ishda qolmoqchiman.
Tadbirda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalarining imkoniyatlari, mavjud mutaxassisliklar, moddiy-texnik bazasi, o‘qish, kasb-hunar o‘rgatish borasidagi sharoitlari amaliy ko‘rgazmalar orqali namoyish etildi. Umumta’lim maktablari bitiruvchilariga kollejlar faoliyati to‘g‘risida keng ma’lumotlar berildi.
– Kollejimizda avtomobilsozlik sohasi uchun to‘rt ixtisoslik bo‘yicha mutaxassis tayyorlanadi, – deydi Andijon mashinasozlik kasb-hunar kolleji direktori Doston O‘rinov. – Tadbirda umumta’lim maktablari bitiruvchilari kollejimiz imkoniyatlari bilan ko‘rgazmali vositalar orqali tanishdi.
Forumda kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari mutaxassislikni qay darajada egallaganini o‘zlari tayyorlagan tikuvchilik, qandolatchilik, sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalari orqali namoyish etdi.
Forum doirasida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida viloyatdagi 44 korxona va tashkilot 185 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Yarmarkada ko‘plab bitiruvchilar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.