O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Chuqur tahlil va tanqidiy ruhda
2017-04-12 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari Buxoro viloyati Peshku tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
O‘rganish yakunlari xalq deputatlari Peshku tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida davlat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Aholi bilan bevosita muloqot asosida o‘tkazilgan o‘rganishlarda tumandagi tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi, huquqni muhofaza qilish idoralari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Deputatlar va senatorlar tomonidan 630 dan ortiq xonadonda suhbat o‘tkazilib, 180 ga yaqin masala muhokama qilingan. Parlament a’zolarining joylardagi muloqoti jarayonida haqiqiy holat o‘rganilishdan tashqari ularni joyida hal etish choralari ham ko‘rildi. Zero, bugungi islohotlar jarayonida kamchiliklarni nafaqat aniqlash, ayni paytda ularning sabablarini tahlil etish va yechimini topishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
– O‘rganish davomida tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish va unga aholini keng jalb etish maqsadida 74 fuqaroga chorvachilik, parrandachilik bilan shug‘ullanish, ixcham issiqxonalar tashkil qilish bo‘yicha tijorat banklarining 494 million so‘mlik imtiyozli kreditlari ajratilishiga ko‘maklashildi, – dedi Qonunchilik palatasi deputati O‘tkir Xolov. – Tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bilan olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 30 fuqaroning ishga joylashishi ta’minlandi. Aholi tomonidan bildirilgan takliflar asosida transport qatnovini yaxshilashga erishildi.
Tuman o‘z xarajatlarining 30 foizini viloyat byudjetidan ajratiladigan subvensiya hisobidan qoplayotgani tanqid qilindi. Boqimandalik kayfiyatidan qutulishga harakat bo‘lmayotgani, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohasiga oid loyihalar to‘liq amalga oshirilmayotgani, soliq bazasini kengaytirishning tizimli va ta’sirchan choralari ko‘rilmayotgani muammoning asosiy sabablaridandir. Tuman darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, kredit ajratish, dori vositalari narx-navosi ustidan samarali nazorat o‘rnatish kabi 80 dan ortiq masala yuzasidan tegishli mahalliy davlat organlari, boshqa tashkilotlarga aniq taklif va tavsiyalar berildi.
Sessiyada sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimida ham bir qator kamchiliklar mavjudligi ta’kidlandi. Tuman markaziy shifoxonasi va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada tor mutaxassisliklar bo‘yicha xodimlar yetishmaydi, o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda ham kamchiliklar bor. Ayniqsa, maktablar xorijiy tillar o‘qituvchilari bilan yetarlicha ta’minlanmagan.
Tumanda kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik masalasini hal etish mexanizmidan samarali foydalanilmayotgani, obodonchilikka yetarli e’tibor berilmayotgani, noqonuniy axlatxonalar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yilayotgani, yangi markaziy chiqindixona muammosi hal etilmayotgani qattiq tanqid qilindi.
Tadbirda tegishli idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi. Muammolar yechimini topishda mahalliy Kengash deputatlarida fidoyilik va tashabbuskorlik yetishmasligi jiddiy tanqid ostiga olindi. Ayni paytda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashga doimiy e’tibor qaratish, sessiyalarda ko‘riladigan masalalar, doimiy komissiyalar, partiya deputatlik guruhlarining faoliyat samaradorligini oshirish, deputatlik nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.