O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kooperatsiya aloqalari mustahkamlanmoqda
2017-04-10 | Iqtisodiyot
«O‘zekspomarkaz»da sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari, Ta’lim va ilm-fan, yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari komplekslarining tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-martda qabul qilingan «2017-yilda xalqaro sanoat yarmarka va kooperatsiya birjasini tashkil qilish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq o‘tkazilgan ushbu tadbir tarmoqlararo aloqalarni kengaytirish, mahalliylashtirish dasturlarida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Sanoat yarmarkasida Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zfarmsanoat» aksiyadorlik konserni, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi, Matbuot va axborot agentligi va ularning tarkibiga kiruvchi korxonalar, yengil sanoat mahsulotlari, mebellar, sport anjomlari, maishiy texnika vositalari ishlab chiqaruvchi besh yuz o‘ttizdan ortiq korxona, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti ishtirok etdi.
Vazirlik, qo‘mita, boshqarma, muassasa va tashkilotlar va ishlab chiqarish subyektlari, xususiy tadbirkorlik korxonalari o‘rtasida mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qator shartnomalar imzolandi. Shuningdek, yangi turdagi sanoat mahsulotlarini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida tibbiyot muassasalarini zamonaviylashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish bo‘yicha ham dolzarb vazifalar belgilangan, – deydi Olmazor tumanidagi 16-oilaviy poliklinika bosh shifokori Dilnoza Mirzayeva. – Bu vazifalarni bajarish, xususan shifo maskanlarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashda sanoat yarmarkasi tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Yarmarkada «Garant mebel» korxonasi tomonidan namoyish etilayotgan shifoxona jihozlari bizga manzur bo‘ldi. Ushbu korxona bilan mahsulot xaridi bo‘yicha qariyb yigirma million so‘mlik shartnoma tuzdik.
Andijon shahridagi «Jahon sanoat metali» kichik korxonasida ishlab chiqarilayotgan energiya va resurs tejamkor qozonxonalar ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy muassasalar, ko‘p qavatli uylar, hovlilarni issiqlik va issiq suv bilan ta’minlashda yuqori samaradorlikka ega. Ixcham va zamonaviy qurilmani muayyan bino va inshoot yaqiniga o‘rnatish imkoniyati mavjudligi iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshiradi. Qurilma gaz va ko‘mir bilan ishlashga mo‘ljallangani gaz quvurlari yetib bormagan hududlarda ham undan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Yarmarkada ushbu qurilmani yetkazib berish bo‘yicha o‘ttizga yaqin shartnoma imzolangan.
Yarmarkaning yengil sanoat mahsulotlari bo‘limida mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklar, paxtadan tayyorlangan matolar, ulardan tikilgan ko‘rpa, to‘shak, yostiq va ularning jildlari, turli sohalarda foydalaniladigan ish kiyimlari namoyish etildi.
Toshkentlik tadbirkor Nafisa Bozorova o‘z korxonasida ishlab chiqarilayotgan yuz turga yaqin ana shunday mahsulotlarni xaridorlarga taqdim etdi.
– Faoliyat boshlaganimga o‘n yil bo‘ldi, – deydi N.Bozorova. – Yildan-yilga mahsulotlarimizning turi ko‘payib bormoqda. Yigirma nafardan ko‘proq yigit-qiz ish bilan band. Sanoat yarmarkalari korxona, tashkilotlar bilan hamkorligimizni kengaytirish, mahsulotlarimizga xaridorlar izlab topish va ishlab chiqarishni kengaytirishga zamin yaratmoqda. Bu yilgi tadbirda ham mahsulot yetkazib berish bo‘yicha qariyb ikki milliard so‘mlik shartnoma imzoladik. Shuning bilan birga o‘zimizga kerakli xomashyolarni sotib olish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishdik.
Tadbir doirasida Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, «O‘zfarmsanoat» aksiyadorlik konserni, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi va ular tizimidagi korxona, tashkilotlar faoliyatiga oid taqdimotlar o‘tkazildi.