O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2017-04-05 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Respublikada sog‘liqni saqlashni isloh qilish davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida aholiga onkologik tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit tizimi tashkil etildi. Onkologiya xizmatining yagona vertikal integratsiyalashtirilgan tizimi yaratildi, onkologiya muassasalarini zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda, professional kadrlar tayyorlashning zamonaviy ilmiy maktabi shakllantirilgan. Onkologiya muassasalari amaliyotiga saratonga tashxis qo‘yish va davolashning bir qancha zamonaviy usullari joriy etilgan, onkologik patologiya profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda, bu esa kasallikning ilk bosqichlarida bemorlarni ikki baravar ko‘p aniqlash imkonini berdi.
Shu bilan birga, butun jahonda bo‘lgani singari, respublikada onkologik kasalliklar o‘sishi qayd etilmoqda. Tibbiyot fanini rivojlantirishning zamonaviy bosqichi saraton kasalliklarining oldini olish choralarini yanada takomillashtirishga va respublika aholisiga onkologik yordam berish sifatini jahon andozalari darajasigacha oshirishga yo‘naltirilgan ustuvor vazifalar hal etilishini taqozo qiladi.
Aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlashning samarali tizimini yaratish, onkologik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolashning ilg‘or usullarini joriy etish, respublika onkologiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda ularning tuzilmasini takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt tashxis qo‘yish chora-tadbirlarini takomillashtirish, saraton kasalliklarini barvaqt aniqlashning skrining dasturlarini bosqichma-bosqich hamma joyda tatbiq etish;
aholining tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy yuqori texnologiyali usullaridan foydalanishini yaxshilash, onkologik kasalliklarni davolashning yuqori samaradorligiga erishish, onkologiya muassasalarining dori vositalari, reagentlar va sarflash materiallari bilan ta’minlanish darajasini oshirish;
yangi onkologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, tibbiyot uskunalari, asboblar va inventar bilan jihozlash (to‘liq jihozlash) asosida ularning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish;
onkologiya muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash sohasida respublikadagi ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilmiy ishlanmalarning zamonaviy jahon tajribasini milliy sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish.
2. Quyidagilar:
onkologiya sohasida tibbiyot tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishning yagona metodik vertikali shakllantirilishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi onkologiya xizmatining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish dasturi 2-ilovaga muvofiq;
2017-2021-yillarda respublika onkologiya muassasalarini tibbiyot uskunalari, asboblar va inventar bilan jihozlash (to‘liq jihozlash)ning asosiy parametrlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda har yili ushbu qaror bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarni bajarishga zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish dasturini amalga oshirish uchun xorijiy davlatlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlarning imtiyozli kreditlarini (qarzlarini) va grantlarini hamda boshqa byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika onkologiya ilmiy markazini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilish;
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yuridik shaxs tashkil etmasdan, markaz xodimlarining umumiy soni doirasida Saraton profilaktikasi markazi va Eksperimental onkologiya markazini tashkil etish;
hududiy onkologik dispanserlarni va Toshkent shahar onkologiya dispanserini Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallariga aylantirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Quyidagilar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning filiallari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
aholining onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha xalqaro andozalar darajasida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali tibbiy yordamga bo‘lgan talab-ehtiyojini qondirish;
onkologiya sohasida aholiga yuqori malakali davolash-profilaktika yordami ko‘rsatgan holda onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish;
onkologiya sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan va zamonaviy onkologiyaning ilg‘or texnologiyalarini egallagan yuqori malakali tibbiyot kadrlari va ilmiy mutaxassislar tayyorlash;
onkologiya sohasida, shu jumladan, zamonaviy tibbiyot fanining ilg‘or yutuqlaridan foydalangan holda ilmiy-amaliy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish.
5. Belgilansinki:
Saraton profilaktikasi markazi – onkologik kasalliklar profilaktikasi va skrining tekshirishlar o‘tkazish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning yagona ma’lumotlar bazasini (kanser-registr) shakllantirish, saratonning oldini olish samarali dasturlarini ishlab chiqqan holda epidemiologik vaziyat monitoringini olib borish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik faoliyatni ta’minlaydi;
Eksperimental onkologiya markazi – kanserogenez va saraton epidemiologiyasi hamda xavfli o‘smalar rivojlanishining molekulyar-biologik mexanizmi, o‘smaga qarshi mahalliy preparatlarni ishlab chiqish sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradi.
6. Quyidagilar:
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;
Saraton profilaktikasi markazi va Eksperimental onkologiya markazining tuzilmalari 5- va 6-ilovalarga muvofiq;
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialining namunaviy tuzilmasi 7-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziriga, zarurat bo‘lganda, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning filiallari tuzilmasiga xodimlarning umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda bir oy muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi to‘g‘risidagi Nizomni hamda uning filiallari namunaviy ustavini tasdiqlasin.
8. 2017-2020-yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning filiallari binolarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va yangilarini qurishning asosiy parametrlari 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning filiallari binolarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va yangilarini qurish ishlarini moliyalashtirish belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.