O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi O‘zbekiston: madaniyat va san’at sohasining yuksalish odimlari
2020-08-26
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videokonferentsiya shunday nomlandi.
O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda madaniyat va san’atni qo‘llab-quvvatlash, milliy, madaniy va ma’naviy merosni saqlash hamda ko‘paytirish, xalqimizni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash va xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamdagi chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada, madaniyat va san’atni yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar bartaraf etildi.
Sohani rivojlantirish hamda kelajak avlodni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash maqsadida ixtisoslashtirilgan madaniyat va san’at maktablari hamda maktab-internatlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularning moddiy texnika bazasi mustahkamlandi. Bu esa o‘z navbatida yoshlarimizning nufuzli xalqaro tanlovlardagi muvaffaqiyatlariga zamin bo‘lmoqda.
Yurtimizda madaniyat va san’at sohasida xalqaro darajadagi festivallarning o‘tkazilishi o‘zbek madaniyatining asl tarixiy ildizlarini mustahkamlash va jahonda targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2018 yilning 6-10 sentyabr kunlari yurtimiz maqom san’atiga bag‘ishlangan nufuzli tadbirga mezbonlik qildi. 2019 yil 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida ilk bor Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazildi. Eng ahamiyatlisi, mazkur festival endilikda har ikki yilda o‘tkazib boriladi.
Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni sohada o‘z yechimini kutib turgan ko‘plab masalalarning hal etilishida huquqiy asos bo‘ldi.
Sohaning qonunchilik asoslarini takomillashtirib borish masalalari ham ishtirokchilar e’tiborida bo‘ldi. Xususan, ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgan "Madaniyat to‘g‘risida"gi qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida soha yetuk mutaxassislarining takliflari inobatga olinayotgani ta’kidlandi.
So‘zga chiqqanlardan, O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, kompozitor Rustam Abdullayev va boshqalar madaniyat sohasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli erishilgan ulkan yutuqlar xususida fikr-mulohazalar bildirdi.
Nurillo NASRIYEV, A’lo ABDULLAYEV (surat), O‘zA
Manba: O'zA