2018-06-28
O‘zbekiston mustaqilligining yigirma yetti yilligi “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-iyunda “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan xalqimizning asriy orzusi bo‘lgan, Vatanimizning necha ming yillik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosiga aylantirgan O‘zbekiston mustaqilligining yigirma yetti yilligini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi tasdiqlandi.
Respublika komissiyasiga bir hafta muddatda “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!”degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Mazkur dastur 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlanadi.