2018-07-04
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi mamlakatimiz mustaqilligining yigirma yetti yilligiga bag‘ishlab “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy tanlovini e’lon qiladi.
Tanlovga “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan va 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturining ma’no-mazmuniga muvofiq yaratilgan, davlatimiz va jamiyatimiz qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, inson manfaatlarini ta’minlash, qonun ustuvorligiga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni yorituvchi, tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning mazmun-mohiyatini hayotiy misollar orqali ochib beruvchi ijodiy asarlar qabul qilinadi.
“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
– yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari;
– bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining maqolalari;
– ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatiga olingan veb-saytlar xodimlarining jurnalistik ishlari;
– televideniye va radio ijodkorlarining materiallari;
– tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari;
– kino san’ati asarlari.
Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlarga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:
– muallif va uning professional faoliyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot;
– muallifning pasporti nusxasi;
– ish joyidan tavsiyanoma;
– muallifning manzili va bog‘lanish telefonlari.
Tanlovga 2017-yilning 1-avgustidan 2018-yilning 1-avgustigacha bo‘lgan davrda rasman chop etilgan adabiy-badiiy asarlar, gazeta-jurnallar va internet nashrlarida e’lon qilingan maqolalar, radio va televideniye kanallarida efirga uzatilgan materiallar, namoyish etilgan tasviriy san’at va kino san’ati asarlari joriy yilning 3-avgustigacha qabul qilinadi.
Tanlov g‘oliblari Vatanimiz mustaqilligining yigirma yetti yillik bayrami arafasida mukofotlanadilar va ularning ro‘yxati matbuotda e’lon qilinadi.
Ijodiy ishlar “Eng ulug‘, eng aziz” tanloviga deb ko‘rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:
100129, Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 30-uy.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi,
O‘zbekiston “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi.
Telefonlar: 244-12-61; 244-64-61; 244-11-64.