O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

26-sentyabr – Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida belgilanadi

2022-09-26

Senat yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Mazkur qonunda 26-sentyabr kunini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida belgilash nazarda tutilmoqda.

Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻrganish shuni koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining tarixi aslida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 26-sentyabrda qabul qilingan PF–265-sonli Farmoniga borib taqaladi.

Qayd etish joizki, Prezident Sh.Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018-yilning 5-aprelida “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

Hujjat bilan xizmat faoliyatining mustahkam qonuniy asoslari yaratilib, zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlar belgilandi. Natijada Prezidentimizning davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini demokratlashtirish siyosatiga mos boʻlgan shaffof, davlat va xalq manfaatini himoya qiluvchi organ yaratildi.

Shu sababli 2018-yil 2-oktyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida 5-aprel – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining kasb bayrami etib belgilangan edi.

Bugungi kunda 5-aprel sanasini Davlat xavfsizlik xizmati kuni sifatida nishonlash (Xizmatning 30 yilligi) xavfsizlik idoralarining faoliyat yuritishini hisoblashda qarama-qarshilikni keltirib chiqarmoqda. Chunki oʻtgan yillar davomida (2006, 2011 va 2016-yillar) xizmatning tantanali yubileylariga Davlat xavfsizlik xizmatining xorijiy hamkorlari taklif etilib, ularga esdalik nishonlari topshirilgan.

Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami nishonlanganidan soʻng, 26-sentyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmatining 30 yilligini oʻtkazish mantiqan toʻgʻri hisoblanadi.

Ushbu qonun qabul qilinishi natijasida 2018-yil 2-oktyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonun oʻz kuchini yoʻqotadi va 26-sentyabr tarixiy sanasi asosida yurtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida nishonlanadi.

Mazkur qonunning maʼqullanishi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining maʼnaviy-ruhiy kayfiyatini, xizmat uchun faxr tuygʻusi yanada kuchayishi, avlodlar oʻrtasida ustoz-shogird anʼanalari saqlanib qolishi, xizmatning faxriylariga hurmat va ehtirom koʻrsatish, shuningdek, xorijiy hamkorlar oʻrtasida davlat xavfsizlik idoralari imijini mustahkamlash imkonini beradi.

Shulardan kelib chiqib, Senat aʼzolari ushbu qonunni maʼqulladi.

Manba: «Yangi O"zbekiston»

Поделиться