2021-04-22
22—23 aprel kunlari Toshkent shahrida “Tashkent Law Spring” II Xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tadi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida ikkinchi marotaba tashkil etilmoqda.
Forumning maqsadi — huquqni rivojlantirish muammolari va zamonaviy tendensiyalarini muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jamlagan holda ochiq muloqot maydonchasini yaratish, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga O‘zbekistonda olib borilayotgan huquqiy islohotlarni namoyish etishdan iborat.
II Xalqaro yuridik forumning bosh mavzusi “Huquq 4.0” (Huquq to‘rtinchi sanoat inqilobi davrida).
Forumda bir qator xorijiy mamlakatlarning adliya vazirlari, sud va boshqa davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, dunyoning yetakchi yuridik va konsalting firmalari vakillari, advokatlar, yurisprudensiya, iqtisodiyot sohalaridagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlarning ishtirok etishi kutilmoqda.
Forumda davlatning huquqiy siyosati, davlat organlarining ochiqligini ta'minlash, LegalTech va LawTech (huquq texnologiyalari), umumiy (ingliz) huquqi tizimi, Kornovirus cheklovari davrida mediasiya va arbitraj, intellektual mulk himoyasi, siyosatni amalga oshirish (policy implementation), sudlarning mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta'minlash hamda boshqa dolzarb mavzularda muhokama sessiyalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, davlat xizmatlari, huquqiy axborotni tarqatish, advokatura va notariatni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatlari bo‘lib o‘tadi.
Forumning asosiy tili o‘zbek tili. Ingliz va rus tillariga sinxron tarjima amalga oshiriladi.
“Tashkent Law Spring” II Xalqaro yuridik forumiga marhamat!
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi