O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari

2020-08-12

12-avgust kuni yoshlar huquqlarini targʻib qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi ish boshlaydi.

Milliy markazi matbuot xizmati xabar qilishicha, “Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi ushbu xalqaro tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida tayyorlangan Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiya loyihasini muhokama qilish rejalashtirilgan.
 
Ushbu Konvensiya loyihasi ikki yildan koʻproq vaqt davomida takomillashtirildi. Oʻtgan davrda ushbu sohada toʻplangan mintaqaviy tajriba va xorijiy mamlakatlarning ilgʻor amaliyoti oʻrganildi. Mintaqaviy va milliy darajalarda turli tadbirlar oʻtkazildi.
 
Hozirgi vaqtda Konvensiya matni Muqaddima va 26 moddadan iborat. Konvensiya muqaddimasida qay etilganidek, barcha mamlakatlarda yoshlar rivojlanish maqsadlari uchun zarur boʻlgan asosiy odam resurslaridan biri va ijtimoiy oʻzgarishlar, iqtisodiy rivojlanish hamda texnika taraqqiyotining asosiy ishtirokchilari hisoblanadi.
 
Shu bilan birga, Konvensiyada yoshlar globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joʻshqin rivojlanayotgan sharoitlarda jamiyatdagi yirik oʻzgarishlarning oʻtkazuvchilari, manfaatdorlari va jabrdiydalari hisoblanishi ham alohida taʼkidlangan. Xuddi shu omillar Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyaning qabul qilinishini taqozo etmoqda.
 
Konvensiyani ishlab chiqish asnosida navqiron avlod vakillarining yoshiga doir mezonlarni aniqlash eng murakkab masalalardan biri boʻldi. Loyihada yoshlar, yaʼni yosh shaxslar toifasiga – oʻn sakkiz yoshdan oʻttiz yoshgacha boʻlgan, aholining alohida demografik guruhini tashkil etadigan shaxslarni mansub, deb hisoblash taklif qilinmoqda.
 
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Konvensiya loyihasida yoshlarning demokratik jarayonlarda faol ishtirok etishini va ularning demokratik tuzilmalarda keng vakilligini taʼminlash zarurligi qayd etilgan. Loyihada, shuningdek, oilada yoshlarning sogʻlom rivojlanishiga koʻmaklashadigan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa sharoitlarni yaratish va taʼminlash, yoshlarning zoʻravonlikka va ekspluatatsiyaga duchor qilinmasligi, yoshlarning huquq subyekti sifatida qonun oldidagi tengligi, milliy va xalqaro darajada qaror qabul qilishda ishtirok etishi kabi huquqlar mustahkamlangan.
 
Inson huquqlari boʻyicha boshqa bir qator asosiy shartnomalarda boʻlganidek, ushbu Konvensiya loyihasida Yoshlar huquqlari boʻyicha qoʻmita taʼsis etilishi koʻzda tutilgan. Qoʻmita kelgusida BMTning inson huquqlari boʻyicha navbatdagi shartnomaviy organiga aylanadi.
 
Yoshlarga doir statistika va tadqiqot maʼlumotlarini toʻplash hamda yoshlarning huquqlarini taʼminlash jarayonlariga fuqarolik jamiyatining faol ishtirok etishi muhimligiga katta eʼtibor qaratilgan. Bu xususiyatlar inson huquqlari sohasidagi eng yangi tendensiyalarni oʻzida namoyon etgan boʻlib, ayni sohada samarali monitoring olib borishning muhim sharti sanaladi.
 
Samarqand forumi davomida ishtirokchilar Konvensiya loyihasi matni bilan atroflicha tanishib, muhokamalarda ishtirok etish hamda loyihani maromiga yetkazish uchun oʻz taklif va tavsiyalarini taqdim qilish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Manba: O'zA

Поделиться