O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi – so‘m muomalaga kiritilgan kun
2018-07-01
Qudratimiz va g‘ururimiz timsoli
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1994-yil 16-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 1994-yil 1-iyuldan muomalaga kiritilgan milliy valyutamiz mamlakatimiz mustaqilligining asosiy belgilaridan biri va muhim rivojlanish omili bo‘ldi.
Milliy valyutadan hammamiz har kuni foydalanamiz. Uni ko‘rganda qalbimizda milliy g‘ururimiz jo‘sh uradi. Zero, pulimiz nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy qudratining, balki xalqimiz ma’naviy, ma’rifiy va madaniy salohiyatining ko‘zgusidir. Uni qo‘liga olgan kishining qadim Samarqanddagi Registon maydoni, Tillakori, Sherdor madrasalari, Amir Temur maqbarasi kabi tarixiy obidalar, shuningdek, poytaxtimizdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri, “Istiqlol” san’at saroyi, Amir Temurning ulug‘vor haykali tasvirlariga ko‘zi tushadi. Bu tasvirlar mamlakatimizning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.