O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

XIII Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi

2017-10-23

Joriy yilning 23 oktabr kuni Toshkent shahrida Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi (ICAC)ning 76-yalpi majlisi hamda XIII Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi o‘z ishini boshlaydi.

Prezidentimizning joriy yil 28 iyundagi F-4983-sonli farmoyishiga muvofiq, “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tomonidan tegishli vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda mazkur nufuzli tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Qo‘mitaning o‘tgan yilgi yig‘ilishi yakunida “Globallashuv va texnologik taraqqiyot davrida paxta” mavzusidagi anjumanni Toshkentda o‘tkazish haqida qaror qabul qilingan edi. Shubhasiz, bu jahon paxta hamda to‘qimachilik sanoatining yirik markazlaridan biri sifatida tan olingan O‘zbekiston mavqei tobora ortib borayotganining yana bir yorqin dalilidir. Zero, yurtimizda dunyo miqyosida paxta tolasi bozori siyosatini belgilovchi nufuzli tadbirlar, yirik forumlar o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit mavjud. Ayni shu jihat an’anaviy yarmarka ishini yaqindan kuzatgan chet ellik mutaxassislar, olimlar, yirik savdo kompaniyalari vakillari, treyderlarining e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi 1939 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibida Doimiy qo‘mita, Paxta sinovining instrumental uslublarini tijoriy standartlashtirish bo‘yicha maqsadli guruh (CSITC), Paxta ishlab chiqarishni ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy tavsiflari buyicha ekspertlar guruhi (SEEP), Biotexnologiya bo‘yicha ekspertlar guruhi, Xususiy sektorga maslahat guruhi (PSAP), Paxta sohasini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro forum (IFCP), Paxtani birlamchi qayta ishlash bo‘yicha ekspertlar guruhi singari soha ravnaqida muhim o‘rin tutadigan tuzilmalar faoliyat yuritadi.

Bugungi kunda qo‘mitaga dunyoning paxta yetishtiruvchi hamda qayta ishlovchi 30 dan ortiq davlatlari a’zo bo‘lgan. Jumladan, O‘zbekiston 1992 yilda ushbu nufuzli tashkilotga teng huquqli a’zo sifatida qo‘shilgan.

E’tiborlisi, mamlakatimiz oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ya’ni 1996 yilda qo‘mitaning 55-yalpi majlisiga mezbonlik qilib, yirik tadbirni yuqori saviyada o‘tkazgan edi. Tashkilotning bu galgi Toshkent forumida ham ishtirokchilarga jahon paxta va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishga doir muhim masalalarni muhokama qilishga, tola ishlab chiqaruvchilar hamda xaridorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga, o‘zaro manfaatli ilmiy-texnik, savdo-iqtisodiy aloqalar istiqbollarini belgilab olishga qulay muloqot maydoni yaratib beriladi.

Qo‘mita bozor narxlarini belgilamaydi, bozor mexanizmlariga ham aralashmaydi. Ammo uning Kotibiyati bozordagi joriy holatni baholash uchun zarur, ayni paytda o‘ta qimmatli ma’lumotlarni taqdim etadi. Binobarin, u organik paxta yetishtirish, yangi g‘o‘za navlarini yaratish va sinash kabi tarmoqdagi yangi ishlanmalarni kuzatib boradi. Tolani xolis tasniflash ishlarida faol qatnashadi.

Bugungi kunga qadar yig‘ilish hamda yarmarka ishida dunyoning 44 ta mamlakatidan 1500 ga yaqin xorijiy mehmonlar va mahalliy mutaxassislar ishtirok etish istagini birdirgan. Negaki, soha mutaxassislari, ekspertlar, olim hamda iqtisodiy tahlilchilar yalpi majlis, shu’ba yig‘ilishlari, texnik seminarlarda paxtachilik tarmog‘ining strategik yo‘nalishlari va iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning ilg‘or tajribalari haqida eng yangi ma’lumot hamda tavsiyalarni birinchilardan bo‘lib olish imkoniga ega bo‘ladilar.

Darhaqiqat, unda xalqaro paxta bozorining hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish asnosida, muhim sanoat xom ashyosi yetishtirish, uni birlamchi hamda chuqur qayta ishlash, savdo, logistika va sug‘urta masalalari yuzasidan 15 dan ziyod ochiq hamda mavzuli sessiyalar o‘tkazilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, g‘o‘za seleksiyasi, agrotexnikasi, hosilni zararkunanda va kasalliklardan muhofaza etish, tola sifatini baholash kabi masalalar O‘zbekiston tajribasi misolida o‘rganiladi. Shu ma’noda, yalpi majlis dunyo paxta sanoatining bugungi ahvoli, yutuq hamda kamchiliklarini muhokama qilish, mahsulot yetkazib beruvchilar va qayta ishlovchilar uchun o‘zaro manfaatli maslahat maydoni bo‘ladi.

Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda yurtimizda paxta yetishtirish hamda uni qayta ishlash borasida ulkan yutuqlarga erishilmoqda. Bu qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i bo‘lgan paxtachilikda chuqur islohotlar olib borilayotgani, navlarni to‘g‘ri joylashtirishdan tortib, ekinni parvarishlash, hosilni yig‘ishtirib olish, qayta ishlash va yetkazib berish bo‘yicha yaxlit tizim yaratilgani samarasidir.

Mamlakatimizda, eng avvalo, g‘o‘za seleksiyasiga davlat miqyosida jiddiy e’tibor qaratilib, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berildi. Natijada mustaqil taraqqiyotimiz davrida seleksiyachi olimlar tomonidan g‘o‘zaning 110 dan ziyod yangi navlari yaratilib, ulardan 30 dan ortig‘i Davlat reyestriga kiritildi. Asosiy maydonlarda parvarishlanayotgan ushbu navlar hosildorligi, ertapisharligi, tolasining rangi, pishiqligi, mikroneyri, shuningdek, boshqa texnik ko‘rsatkichlarining ustunligi bilan alohida ajralib turadi.

Soha mutaxassislarining aytishicha, tola bahosini belgilashda sifat eng birlamchi omil hisoblanadi. Ushbu jihat inobatga olingan holda, mavjud paxta tozalash korxonalari modernizatsiyalashtirilib, ishlab chiqarishga innovatsion ishlanmalar jalb etilayotir.

— Bugungi kunda respublikamizda mavjud 100 ga yaqin paxta tozalash zavodlari, 23 ta yog‘-moy kombinati, 21 paxta terminalida rekonstruksiya hamda modernizatsiyalash tadbirlari izchil olib borilmoqda, — deydi “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi boshqarmasi boshlig‘i Ma’ruf Abralov. — Mazkur jarayonga yetakchi ilmiy, akademik, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari, shuningdek, mashinasozlik-qurilish korxonalari keng jalb qilingani amaliyotga yangi avlod uskunalarini muvaffaqiyatli tatbiq etish imkonini berayotir. Xususan, birgina 2017 yilgi Investitsiya dasturi asosida umumiy qiymati 27,2 million AQSH dollarilik 34 ta investitsiyaviy loyiha hayotga joriy qilinayotgani diqqatga sazovor.

Tizimdagi bu kabi texnik va texnologik yangilashlar, amaliyotga tatbiq etilayotgan innovatsion ishlanmalar tufayli tolamizning sifat ko‘rsatkichlari tubdan yaxshilanayapti. Bu esa bugungi kuchli raqobat sharoitida jahon paxta bozoridan mustahkam joy egallashimizda hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotir. 2016 yilgi mavsumda “Oliy” hamda “Yaxshi” sinfiga mansub tolaning ulushi avvalgi yillardagiga nisbatan 10 foiz ortib, 92 foizga yetgani quvonarli hol, albatta.

— Jahon paxta bozorining tahlili o‘zbek tolasining mavqei tobora mustahkamlanib, xaridorgir bo‘lib borayotganini ko‘rsatayapti, — deydi “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi boshqaruvchi raisi o‘rinbosari, “O‘zpaxtaeksport” AJ bosh direktori Jamshid Qodirov. — Shu tufayli eksport geografiyasi kengayishi barobarida, hamkorlarimiz ham ko‘paymoqda. Keyingi paytda an’anaviy bozorlar bilan cheklanib qolinmasdan, yangi savdo yo‘laklari ochilgani, jumladan, Pokiston, Indoneziya, Vyetnam kabi davlatlarga mahsulot yetkazib berilayotgani bunga asos bo‘la oladi. Bunday muvaffaqiyatlarga erishishda kompaniya Xalqaro paxta assotsiatsiyasi, Bremen paxta birjasi kabi ko‘plab tuzilmalarga a’zo bo‘lgani, eng asosiysi, oqilona eksport siyosati yuritilayotgani muhim rol o‘ynayapti.

Shu o‘rinda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tuzilmaviy islohotlar bois tolani chuqur qayta ishlash hajmi ham muttasil ravishda ortib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Agar mustaqillikning dastlabki yillarida tolaning atigi 5 foizi o‘zimizda qayta ishlangan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, bu ko‘rsatkich 45 foizdan oshdi. Respublikamizning chekka hududlarida ham yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani, mavjudlari tubdan modernizatsiya qilinayotgani bunda qo‘l kelayapti. E’tiborlisi, ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengaytirilmoqda. Uning tagzaminida yaqin yillar ichida yalpi paxta hosilining 70 foizini o‘zimizda qayta ishlashga erishish, chetga xom ashyo emas, aksincha, qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar sotish maqsadi mujassam.

Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining 76-yalpi majlisi doirasida an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Yil olimi” xalqaro mukofoti ham o‘z sohibiga topshiriladi. Bizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan jihat shundaki, mazkur nufuzli mukofotga 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Genomika va bioinformatika markazi direktori, seleksiyachi olim, professor I. Abdurahmonov sazovor bo‘lgan edi.

Yarmarkaning asosiy tadbirlari o‘tkaziladigan “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazma majmuasi maydonlari ham shay holatga keltirilmoqda. Bu yerda tizim korxonalarining ishlash jarayonini to‘liq aks ettiruvchi eksponatlar, joriy yilgi paxta hosilidan olingan tolalardan namunalar namoyish qilinadi.

O‘n uchinchi bor o‘tkaziladigan xalqaro yarmarka hamda nufuzli forum o‘zbek paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berishni yanada maqbullashtirish, eksport jug‘rofiyasini diversifikatsiyalash, xorijiy kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlashga keng yo‘l ochib beradi.

 

Said RAHMONOV

Поделиться