O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi

2016-10-31

Shu yilning 24-31-oktabr kunlari mamlakatimizda X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tadi. ​

Mazkur tadbirlarga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan brifingda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasining direktori vazifasini bajaruvchi R.Keldiyorov bu yilgi yarmarka va birjada mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari va iste’molchilari, shuningdek, xorijiy kompaniyalarga ko‘plab yangiliklar taqdim etilishini ta’kidladi. 

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini o‘tkazishdan asosiy maqsad xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ishlab chiqarishni optimallashtirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani mustahkamlash hamda rivojlantirish, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida ma’lumotlar berish, yangi hamkorlar topish, mahsulotlarni yetkazib berish, jumladan, eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzishga ko‘maklashishdan iboratdir. 

O‘zbekistoning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2007-yil 12-noyabrdagi «Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, 2013-yil 29-yanvardagi «Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatdoshliligini yanada oshirish va tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 3-martdagi «2016-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan mazkur tadbir an’anaviy o‘tkazib kelinmoqda. 

Ayni vaqtda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish iqtisodiy taraqqiyot va iqtisodiyotni isloh etishning muhim omilidir. Mamlakatimiz sanoat ishlab chiqarishi hajmida mahalliylashtirilgan mahsulotlar ko‘rsatkichlarining izchil sur’atlarda o‘sayotgani buning yorqin tasdig‘idir. 

Avvalgi xalqaro sanoat yarmarkalari va kooperatsiya birjalari natijalari mamlakatimiz korxonalari va xorijiy sheriklarning sanoat kooperatsiyasi, tovarlar yetkazib berish va xarid qilish borasida hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirish, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarishni tashkil etishga qiziqishi yil sayin ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Chunonchi, 2007-yilda tadbirda 224 korxona o‘z mahsulotlarini taqdim etgan bo‘lsa, 2015-yilda ularning soni ikki mingdan, mahsulotlar turi esa yigirma ikki mingdan oshdi. 

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida mamlakatimizning 2 ming 200 dan ortiq korxona, kompaniya, tashkilot va kichik biznes subyekti o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etadi. Ular mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish, metallurgiya, kimyo, neft-gaz, oziq-ovqat va yengil sanoat, farmatsevtika kabi sohalarga doir 24 ming turdan ortiq tayyor mahsulot, butlovchi buyum va materiallarni namoyish qiladi. 

Mazkur forum doirasida mamlakatimizning yetakchi sanoat korxonalari o‘z taqdimotlarini o‘tkazadi. Ishtirokchilar Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi tomonidan har yili nashr etilayotgan O‘zbekiston sanoat mahsulotlari katalogi yordamida ishlab chiqarilayotgan tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar, shuningdek, import qilinayotgan mahsulotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Mazkur katalogning elektron shakli bilan www.cooper.uz saytida tanishish va unda korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. 

Poytaxtimizda 24-31-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan navbatdagi forum sanoatchilar uchun muhim voqeadir. Zero, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarning o‘zaro samarali hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlab, ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilarga korxonalar taqdimotlari, ularning texnik va texnologik imkoniyatlari, yutuqlari bilan tanishish, o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi. 

Manba: O'zA

Поделиться