O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mustaqillik maydoni nomi berilgan kun

2016-09-05

Bundan 25-yil muqaddam – 1991-yil 5-sentabrda mamlakatimizning bosh maydoniga Mustaqillik maydoni nomi berilgan

Kuni kecha qalblarimizni larzaga solgan og‘ir judolikdan o‘zimga kela olmadim. Ko‘nglim huvillab qoldi. Bir ilinj istab mamlakatimizning bosh maydoni – Mustaqillik maydoniga bordim. Maydondagi har bir detalga sinchiklab razm solaman. Davlatimiz rahbarining “Bizdan obod va ozod Vatan qolsin!” degan ezgu maqsadlari ijobati ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. 

Darhaqiqat, Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda olib borilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari mana shu maydondan boshlangan desak, xato bo‘lmaydi. 

...Ezgulik arkasi qarshisidaman. Tinchlik, osoyishtalik, xotirjamlik darvozasi sifatida qad rostlagan bu inshoot xalqimizning g‘ururi kabi yuksak. Parvozga shaylanayotgan turnalar xalqimizning buyuk orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi yuksak intilishlari, qat’iyati va irodasi, oq laylaklar esa tinch va osuda hayotimiz, farovonlik va qut-baraka timsollaridir. Arkaning baland va mustahkam ustunlari mamlakatimiz rivoji uchun poydevor bo‘layotgan baquvvat tayanchlar ifodasidir. Bu ostonadan o‘tadigan har bir inson muqaddas dargohga qadam qo‘yayotganini his qiladi. Maydon hamisha yashnab, barq urib turadigan ko‘kalamzorlari, yetti iqlimdan keltirilgan anvoyi gulu butalari, manzarali daraxtlari bilan ko‘zni quvontiradi. 

Prezidentimiz Islom Karimov 2005-yil 28-dekabrda Mustaqillik maydonida yangi barpo etilgan monument poyiga ilk bor gulchambar qo‘ygan edi. Maydonda mustaqilligimizning dastlabki yilida qad rostlagan Mustaqillik va ezgulik monumenti oldida farzandini bag‘riga bosib, unga ishonch bilan termulib turgan Baxtiyor ona haykali bunyod etildi. Bundan maqsad xalqimizning orzu-intilishlarini teran ifoda etish, yoshlarimizning ma’naviy olamini ezgu g‘oyalar asosida shakllantirish va kamol toptirishdan iboratdir. Monument o‘z me’moriy yechimi, g‘oyaviy-badiiy mazmuni bilan O‘zbekiston tanlagan yo‘l – Mustaqillik yo‘lining ta’sirchan ifodasiga, asriy qadriyatlarimizning yaqqol namoyoniga aylandi. 

Ikki qator qilib ekilgan yam-yashil archalar orasidagi yo‘laklar Baxtiyor ona haykali tomon olib boradi. Haykal poyida bosh egaman. Baxtiyor ona – ona Vatan ramzi. Bu buyuk tushunchaning aynan ona siymosi orqali ifodalanishi, mamlakatimiz bosh maydonida Baxtiyor ona haykalining barpo etilishi onaga, ayol zotiga hurmat-ehtirom naqadar yuksak ekanidan dalolat. Chunki insonning ma’naviyati va dunyoqarashini shakllantiradigan mezonlar ona bag‘rida, oila muhitida kurtak yozadi. Onani ardoqlash, mehr-muhabbatiga yarasha e’zoz va e’tibor ko‘rsatish Yurtboshimizning diqqat markazidagi masalalardan edi. 

Sal narida nevarasi bilan nuroniy otaxon ko‘rinadi. Otaxon har bir inshoot haqida batafsil gapirib bermoqda: “Bu Yer shari tasviri. Uning markazida O‘zbekiston xaritasi joy olgan, u Mustaqillik va ezgulik monumenti deb ataladi...». 

Otaxon to‘xtab atrofga nazar soldi. Nevarasining boshini silab so‘zida davom etdi: «Ilgari bu joylar “Qizil maydon” deb yuritilgan. Yozning jaziramasida olovdek qizib yotgan betondan iborat maskan endi o‘ylab ko‘rsam o‘sha tuzumning kichkina namunasi bo‘lgan ekan». 

Darhaqiqat, har bir joy nomiga munosib bo‘ladi. Mustaqillik maydonining ko‘rki va tarovatidan yurtimizdagi obodlikning nafasi kelib turibdi. 

Umumxalq bayramlari va tantanali marosimlarda, sportchilarimizni xalqaro musobaqalarga kuzatish chog‘ida hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumentini ziyorat qilish yaxshi an’anaga aylangan. Mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar rahbarlari, turli darajadagi delegatsiyalar vakillari ham davlatimizga bo‘lgan hurmatini ushbu monument poyiga gul qo‘yish orqali ifoda etadi. 

Quyosh porlab, mayin esayotgan shabada dillarni tetiklashtiradi, maysalar ohista tebranadi, maydondagi yam-yashil archalar, turfa gullar ko‘zni quvontiradi. Yuragimdagi ajib sokinlikni, uning zamiridagi tinchlik va osoyishtalikni yanada teranroq his etgandek bo‘laman. 

Quyosh nurida jilolanuvchi favvoralar ko‘ngilga musaffolik baxsh etdi. Favvoralar nafaqat tinch va osoyishta hayotimiz, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining yorqin ifodasidir. Favvoralar ansambli me’moriy uslubi va ko‘lami jihatidan atrofidagi ma’muriy binolarga ko‘rkamlik bag‘ishlaydi. Haroratni mo‘tadillashtirib, atrofga salqinlik baxsh etadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Vazirlar Mahkamasi binolari, Xotira xiyoboni, “Turkiston” saroyi, ma’muriy bino, Ma’rifat markazi majmuasi, “Poytaxt” biznes markazi, Tasviriy san’at galereyasi, Yoshlar ijod saroyi kabi zamonaviy komplekslar Mustaqillik maydonining umumiy manzarasini to‘ldirib, uning husniga husn qo‘shib turibdi. 

Motamsaro ona haykali tomon yuraman. Onaning qiyofasi kishini ma’yus torttiradi. Bu ona qiyofasida Ikkinchi jahon urushiga ketgan 1,5 million er yigitning qayg‘usi mujassam. O‘sha yillari yig‘layverib, ko‘z yoshlari qurigan mehribon ona farzandidan, ayollar suyanchig‘idan, opalar ukasidan, singillar akasidan ajralganining timsoli bu. 

Xotira xiyobonidagi zarhal “kitob”larda nomlari qayd etilgan yarim million askarning ruhi musaffo osmonimiz uzra uchib yurgani aniq. Ular motamsaro onaga “Dard chekma ona, endi farzandlaring urush degan baloga yo‘liqmagay” deyayotgandek go‘yo. 

O‘rindiqda qo‘llarini duoga ochib o‘tirgan onaxonga ko‘zim tushdi. Beixtiyor men ham yuzimga fotiha tortdim. Salom berib, yoniga o‘tirdim. 

– Otamning qabri qayerdaligini bilmayman, – deb gap boshladi o‘zini Muhrima Shotursunova deb tanishtirgan onaxon. – Urush yillari besh yoshda edim. Otamning diydorini aniq eslayman. Keyin askarlik paytida tushgan suratlarini yuborgan. U davrlarda insonning qadri ham yo‘q ekan-da. Qayerda vafot etgan, qanday vafot etgan, dafn qilinganmi-yo‘qmi, bunisi qorong‘u. Otamni sog‘inganda shu yerga kelib, haqqiga duo qilib turaman. 

Onaxon o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan chuqur nafas olib, “Nomingdan aylanay tinchlik! Tinchlik bor joyda halovat bo‘ladi, to‘ylar bo‘ladi, tinchlik bor joyda uylar quriladi. Tinchlikni asrash, qadriga yetish kerak”, dedi. 

Mustaqillik maydonidan chiqarkanman otasining qo‘lidan ushlab bog‘chadan, onasining yonida maktabdan qaytayotgan, futbol maydonida shodon to‘p tepayotgan, anhorda cho‘milayotgan, sport anjomi yo cholg‘u asbobini yelkalab olgan bolalarni ko‘rib, dilim yayraydi. Yurtboshimizning ezgu ishlarini yoshlar, qolaversa, shu bolajonlar davom ettirajak. 

Поделиться